Sirdaryoda noyob hisoblangan ajdar daraxtlari ekilmoqda

14:32 12 Sentyabr 2018 Jamiyat
597 0
Fotо: Agrostory

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. “M-34”-“Toshkent — Dushanbe” avtomobil yoʻlining Sirdaryo viloyati hududidagi 99-101 kilometr masofasi chetiga ajdar daraxti nihollari oʻtqazilmoqda. Bu ishni Guliston shahrilik tadbirkor Toʻlqin Umarov amalga oshirmoqda.

“Pavlovniya”deb nomlangan, “daraxtlar malikasi” deb taʼrif berilgan mazkur daraxtning foydali xususiyatlari koʻp. U bir vaqtning oʻzida ham juda chiroyli manzarali, ham yuqori sifatli qurilish materiali beruvchi noyob daraxt sanaladi. Gulining nektari esa eng totli va iforli asal manbai hisoblanadi. Yana ajdar gullaridan dunyodagi qimmatbaho parfyumeriya mahsulotlari uchun zarur boʻlgan komponent ham olinar ekan.

Fotо:  “ХАЛҚ СЎЗИ ONLINE”

Lekin bu xali hammasi emas. Xususan, ajdar daraxti juda tez oʻsadi. U dastlabki 3 yilda yiliga 5 metrgacha boʻy choʻzsa, keyingi shuncha vaqtda bu koʻrsatkich oʻrtacha 3 metrni tashkil etadi va balandligi 20-25 metrga yetadi. Barglarining diametri 60-70 santimetr boʻlib, ular turdoshlariga nisbatan 20 baravar koʻp kislorod “ishlab chiqaradi”. Shu bilan birga havodagi changlar va transport vositalaridan chiqadigan zaharli gazlarni yutish orqali ekologik musaffolikni taʼminlashga ham xizmat qiladi. Ajdar daraxti yogʻochining 1 kub metri Yevropa bozorida 300 yevro atrofida baholanishi haqida ham maʼlumotlar bor. Bu narx odatdagilarnikiga nisbatan ancha qimmat. Yoki bir tup terak 6 yilda 60-70 ming soʻm daromad keltirsa, bitta ajdar daraxtidan 200 AQSH dollari miqdorida foyda olish mumkin ekan.

Fotо: “ХАЛҚ СЎЗИ ONLINE”

“Biologman. Koʻpdan buyon pavlovniya oʻstirishga qiziqib yurar edim. Bu niyatimni amalga oshirishda Yaponiyadagi kompaniyalaridan birida ishlayotgan tanishim Abay Kalonov yaqindan yordam berdi. U iltimosimga koʻra, Yaponiyadan bir necha dona ana shu daraxt niholini joʻnatdi. Koʻchatlarni shu yil koʻklamida hovlimga oʻtqazdim. Ekkanimda yirik pomidor koʻchatidek boʻlgan nihollar aql bovar qilmas darajada juda tez oʻsayapti. Endi esa yirik plantatsiya qilish harakatidaman. Katta avtomobil yoʻli yoqasidan ajratib berilgan yerlarga oʻtqazilayotgan maxsus tuvaklarda oʻstirilgan koʻchatlarni Toshkentdan olib kelayapmiz. Kelgusida bundan-da katta maydonlarda ajdar daraxtzorlari qilishni rejalashtirib qoʻyganman”, - deydi tadbirkor Toʻlqin Umarov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?