Sirdaryoda mustaqillik ayomining bosh sahnasiga chiqqan yoshlarga tashakkur bildirildi

11:33 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
122 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayev viloyat hokimligining bugungi apparat yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlab poytaxtimizning “Oʻzbekiston” Anjumanlar saroyida oʻtkazilgan tantanada oʻz chiqishlari bilan barchaning eʼtirofiga sazovor boʻlgan isteʼdodli yoshlar- Guliston ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi oʻquvchisi,yaqinda “Nihol” davlat mukofotiga loyiq deb topilgan Muxlisa Turabova va Yangiyer shahridagi 4-maktab oʻquvchisi Boymurod Yunusovga tashakkur bildirdi.

Taʼkidlandiki, viloyat yoshlari erishayotgan bunday natijalar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbus ijrosi doirasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarning samarasidir. Vohada yoshlar isteʼdodini rivojlantirish, ularning taʼlim, sport, sanʼat va oʻzlari qiziqqan boshqa barcha sohalardagi intilishlarini qoʻllab –quvvatlash borasida yana koʻplab istiqbolli rejalar amalga oshirilmoqda.

Avval xabar berganimizdek,“Nihol” davlat mukofoti laureati Muxlisa Turabova Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, mohir sozanda Elmurod Islomov bilan birgalikda “Oʻzbekiston” Anjumanlar saroyida doira usullarini ijro etib , olqishlarga sazovor boʻlgan va shu sanʼatkor tomonidan qizlar oʻrtasida uchta childirmani bir yoʻla chalgan ilk sozanda qiz deb eʼtirof etilgan edi.

Boymurod Yunusov esa “Baxtli oʻzbekman”degan sheʼrini oʻqib qalbimizdagi Vatanga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbat tuygʻularini yana bir bor joʻsh urdirgan edi.

Sirdaryolik isteʼdodli yoshlarga kelgusi oʻqish va oʻrganishlarida muvaffaqiyatlar tilandi hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?