“Sirdaryoda madaniyat va sanʼat kuni” tadbirlari boʻlib oʻtmoqda

15:12 12 Mart 2019 Jamiyat
230 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Bugun Sirdaryo viloyatida Madaniyat vazirligi tomonidan Milliy teleradiokompaniya bilan hamkorlikda “Sirdaryoda madaniyat va sanʼat kuni” loyihasi asosida maʼnaviy–tarbiyaviy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Aytish lozimki, mazkur loyiha Prezidentimizning shu yil 19 fevraldagi Sirdaryo viloyatiga tashrifida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida, yoshlarning madaniyat va sanʼat maskanlaridagi turli badiiy havaskorlik toʻgaraklarida hamda maʼnaviy –maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish,, ularni mazkur mashgʻulotlarga jalb qilish maqsadida vazirlik tomonidan ishlab chiqilganKonsepsiya asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmi uch bosqichli boʻlib, xususan dastlabki bosqichda viloyatdagi 15 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablarida 56 ta turli yoʻnalishdagi yangi qoʻshimcha sinflar tashkil etiladi. Natijada oʻquvchilarni jalb etish 2018 yilga nisbatan 14 foizga oshiriladi. 11 ta madaniyat markazida 95 ta yangi toʻgaraklar ish boshlaydi.Shuningdek, mazkur konsepsiyada bolalar musiqa va sanʼat maktablarini musiqa cholgʻulari, kadrlar bilan taʼminlash, bir necha madaniyat markazlarini taʼmirlash kabi vazifalar ham belgilangan. Yana respublikamizning sohadagi oʻquv yurtlari biriktirilgan holda, hududdagi madaniyat va sanʼat muassasalarida konsertlar, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar, koʻrik-tanlov va festivallar tashkil etiladi.

“Sirdaryoda madaniyat va sanʼat kuni” Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyida boʻlib oʻtgan “Harakatlar strategiyasi va maʼnaviy yuksalish” mavzusidagi koʻrgazma bilan boshlandi.

-Oʻquvchilar muzeylarga qanchalik koʻp borishsa, ulardagi tariximiz, milliy madaniy merosimizga oid bilimlari, maʼnaviy dunyoqarashlari shunchalik ortib boradi, -deydi Guliston tumanidagi 10-maktab yoshlar yetakchisi Shahnoza Abdurahmonova.-Maktabimizdaana shunday madaniyat muassasalariga tez-tez ekskursiyalar tashkil etilib turiladi.Bugungi “Sirdaryoda madaniyat va sanʼat kuni” esa bu boradagi ishlarimizni yanada kuchaytirishda bizga namuna boʻlib xizmat qiladi deb oʻylayman. 

Loyiha doirasida Guliston shahridagi 2-bolalar musiqa va sanʼat maktabida Oʻzbekiston xalq artisti Avaz Rajabovning akademik vokal va estrada ijrochiligi boʻyicha, “Doʻstlik” madaniyat markazida “Raqsning sirli olami” mahorat darslari oʻtkazildi.

Dasturga shuningdek, Sirdaryo tumanidagi 12-musiqa va sanʼat maktabida “Maqom sanʼati-millat xazinasi” mavzusidagi mahorat darsi, ayni tumandagi “Istiqlol” madaniyat markazida taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi “Qalbimda Vatan madhi”deb nomlangan konsert ham kiritilgan.

Eʼtiborlisi, Konsepsiyaga koʻra “Sirdaryoda madaniyat va sanʼat kuni” maʼnaviy-tarbiyaviy tadbiri har oyning ikkinchi oʻn kunligida viloyatning barcha tuman hamda shaharlarda oʻtkazib boriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?