Sirdaryoda xususiy boʻlsa-da, xizmati tekin kutubxona ochildi

15:43 27 Mart 2019 Jamiyat
499 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Gulistondagi “Yurt bayrogʻi” maydonida “Oʻzim oʻqigan maktabga mening kitob tuhfam” tadbiri boʻlib oʻtdi.

Yaʼni, viloyat davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlarining ular taʼlim olgan maktablarga turli adabiyotlardan iborat sovgʻasini joʻnatish Yurt bayrogʻi poyidan start oldi. Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi maʼlumotiga koʻra ushbu aksiya tufayli maktab kutubxonalari fondi 7, 5 ming nusxadagi kitoblar bilan boyidi.

Sayxunobod tumanida esa “Gulbahor ziyo kitob savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyatining yangi bunyod etilgan muhtasham va zamonaviy kutubxonasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovgʻasi -1000 dona adabiyot hamda “Oʻzbegim” kitobi tantanali ravishda topshirildi.

Maʼlumot uchun aytish lozimki, mazkur tadbirkorlik subyekti rahbari ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Gavhar Husanova boʻlib,u ayni chogʻda kitobxonlik borasida koʻpchilikka namuna koʻrsatayotgan oila bekasi hamdir. Xususan, qizi Rayhona “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovining oʻtgan yilgi viloyat bosqichida uchinchi oʻrinni egalladi.

Eʼtiborlisi, xususiy boʻlsa-da, kutubxona xizmati tekin.Unda 50 mingdan ziyod adabiyot fondini saqlash imkoniyati mavjud.Ayni chogʻda foydalanuvchilar kitoblarni elektron shaklda mutolaa qilish imkoniyatiga ham egalar.Kutubxona va 5 ta nashriyot bilan tuzilgan shartnoma esa ziyo maskanini yangi adabiyotlar bilan oʻz vaqtida taʼminlash imkoniyatini beradi. Shu bilan birga MCHJ tomonidan hademay kitob doʻkoni ochish ham moʻljallanmoqda.

Tadbir doirasida shuningdek, Sayxunobod qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kolleji axborot-resurs markaziga ham 200 ta kitob taqdim qilindi.Mehnat vazirligi tomonidan esa chekka hududlardagi maktablarga 250 dona turli adabiyotlar tuhfa qilindi.

Tadbirlarda Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori K. Allamjonov, Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev ishtirok etishdi va soʻzga chiqishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?