Sirdaryoda katta koʻpkari va kurash oʻtkazildi. Ilgʻor fermerlarga “Prezident sovgʻasi”- “Damas” avtomashinalari topshirildi

15:48 09 Dekabr 2019 Jamiyat
188 0

Sirdaryoda qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan koʻpkari va kurash musobaqalari tashkil qilindi.Sirdaryo tumanida boʻlib oʻtgan mazkur bayramona bellashuvlarda respublikamizning turli mintaqalari bilan birgalikda, qoʻshni mamlakatlar polvonlari, chavandozlari ham ishtirok etdi.

Shu yerning oʻzida joriy yilda yuqori hosildorlikka erishgan bir guruh fermerlarga “Prezident sovgʻasi”- “Damas” avtomobillari topshirildi.

Soʻngra Guliston shahridagi “Bahor” restoranida bayram dasturxoni yozildi,kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Mazkur tadbir doirasida ham bir guruh qishloq xoʻjaligi xodimlarining samarali va namunali mehnatlari munosib taqdirlandi. Ularga “Ilgʻor fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Maʼlumot uchun. Keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar tufayli viloyat qishloq xoʻjaligida yuqori darajadagi oʻsishga erishildi. Xususan, hududda klaster tizimi tobora keng yoʻlga qoʻyilmoqda. Tomchilatib sugʻorish va boshqa har jihatdan tejamkor hamda samarali innovatsion texnologiyalarni qoʻllash koʻlami ortmoqda. Yana bir jihat shuki, amalga oshirilgan zarur tadbirlar va yangicha yondashuvlar natijasida yillar davomida foydalanishga yaroqsiz boʻlib kelgan bir necha ming gektar ekin maydonlarida bugun yana qishloq xoʻjaligi ekinlari oʻstirilayotir.

Bayram tadbirlarida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev ishtirok etdi.

Ahmadali ShERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?