Sirdaryoda yirik koʻpkari musobaqasi boʻlib oʻtdi (Fotoreportaj)

12:08 10 Dekabr 2018 Sport
449 0

Foto: Xalq soʻzi online”

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryo tumanida xalqimizning qadimiy chavandozlik sport oʻyini — oʻloq-koʻpkari musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 yilligi bayram qilinayotgan, qishloq xoʻjaligi xodimlarining kasb bayrami arafasida boʻlgan mazkur bellashuvda respublikamiz viloyatlaridangina emas, balki qoʻshni Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston davlatlaridan ham mashhur chavandoz-polvonlar ishtirok etishdi.

Foto: Xalq soʻzi online”

Musobaqa avvalida ana shu mehmonlar va yurtimizning bir guruh mashhur chavandozlari, uloq oʻyini rivojiga hissa qoʻshib kelayotgan faxriy polvonlar Sirdaryo viloyati hokimligining sovrinlari bilan eʼzozlandilar.

“Qoʻshni, qardosh, davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar yaqinlashi tufayli yana bir dalada ot choptirib uloq oʻynash baxtiga muyassar boʻldik. Bugun bu yerda men bir vaqtlar koʻplab musobaqalarda birga ishtirok etgan, endilikda keksalik gashtini surib, koʻpkari boʻyicha yoshlarga ustozlik qilayotgan tengqurlarim bilan diydorlashdim. Bir-birimizga aka-ukadek, yaqin qarindoshdek quchoq ochdik. Mana shu yaqinlik abadul-abad boqiy boʻlsin!” deydi Tojikiston Respublikasidan kelgan mashhur polvon-chavandoz Hojiquli Avezov.

Foto: Xalq soʻzi online”

Eʼtiborlisi, uloqni birinchi boʻlib marraga tashlaganlar ham mehmonlar boʻldi. Yaʼni qozogʻistonlik Jonibek polvon va qirgʻizistonlik Madat polvon dastlabki solim, yaʼni sovrinlar egasi boʻlishdi.

“Uloqda qatnashish uchun Fargʻonadan katta guruh bilan keldik. Ota-bobolarimizdan qolgan bu oʻyinda hikmat koʻp. U avvalo farzandlarimizni alp yigit boʻlib yetishida muhim ahamiyatga ega. Yana uning mohiyatida mardlik, jasurlik, epchillik, qatiʼyatlilik fazilatlari ham mujassam desam mubolagʻa boʻlmaydi”, - deydi fargʻonalik faxriy chavandoz Abduraim Madiyorov.

Foto: Xalq soʻzi online”

Aytish lozimki, koʻpkari oʻyini atrofida xalq hunarmandchiligi koʻrgazmasi tashkil etildi. Konsert dasturlari namoyish etildi. Qolaversa, qish faslidagi bahoriy obi havo bayram shukuhiga shukuh qoʻshdi.

Koʻpkari musobaqasining ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev soʻzga chiqdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?