Sirdaryoda hokim nomidan soxta qaror chiqarildi

13:37 21 Noyabr 2019 Jamiyat
107 0

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Sirdaryo tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman hokimi nomidan qalbaki qaror chiqarib bergan firibgarlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga maʼlum qildi.

Aniqlanishicha, fuqaro I.T. tuman hokimiyatida ishlovchi tanishlari orqali tumandagi Yangi hayot mavzesi hududidan uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib berish evaziga uch nafar fuqarodan jami 45,3 million soʻm olgan. Ushbu mablagʻlarning 1000 AQSH dollarini 2018-yilning dekabrida Sirdaryo tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh mutaxassisiga S.X.ga bergan. S.X. esa uy-joy qurish uchun yer maydoniga tuman hokimining nomidan qalbaki qarorlar chiqarib, I.T. orqali fuqarolarga berganligi aniqlangan.

Shuningdek, I.T.ning qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi haqidagi murojaati yuzasidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda S.X. bilan uchrashib, unga bergan qarorlari soxta ekanligini, fuqarolar pullarini talab qilayotganligini aytib, undan muqaddam bergan 1000 AQSH dollaridan 500 AQSH dollarini qaytarib olgan vaqtida S.X. ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh mutaxassisi S.X. va fuqaro I.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?