Sirdaryoda “gul bayrami”, “qush bayrami” va “qovun sayli” oʻtkaziladi. “Gul bayrami” gʻolibiga “Spark” beriladi

14:28 23 Iyul 2019 Jamiyat
240 0

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan Gulistonda joriy yilning 23-avgustida “Gul bayrami”, “Qush bayrami” va “Qovun sayli” oʻtkaziladi.

Aytish lozimki, odatda viloyatda har yili “Qovun sayli” oʻtkazish anʼanaga aylangan edi. Eʼtiborlisi, ushbu sayllarning birida poliz ekinlari hosildorligini, eksportbopligini oshirish, yoʻqolib ketayotgan qadimiy qovun navlarini tiklash kabi masalalarga bagʻishlagan respublika ilmiy konferensiyasi ham tashkil qilingan edi.

Ayni chogʻda “Qovun sayli” qatoriga “Gul bayrami” va “Qush bayrami” tadbirlari qoʻshilishida ham xuddi shunday ezgu maqsad bor. Yaʼni koʻchalarimiz, maydonlarimiz, xonadonlarimizning gulu rayhonlar bilan bezanishi obodlikning ajralmas boʻlagidir. Zero, bugun koʻkalamzorlashtirish va gulzorlar tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratilayotganligiga nafaqat Gulistonda, balki hududning barcha shaharu qishloqlarida guvoh boʻlish mumkin.“Qush bayrami” mohiyatida ham tabiat va jonivorlarni asrab-avaylashdek ezgu maqsad mujassam.

Tanlov gʻoliblarini esa qimmatbaho sovgʻa va pul mukofotlari kutmoqda. Masalan, “Gul bayrami”da oliy oʻrinni egallagan ishtirokchi “Spark”avtomobili bilan taqdirlansa, “Qovun sayli”da xuddi shunday natijaga erishganga 30 million soʻm tuhfa qilinadi. Ikkitadan birinchi, ikkinchi, uchinchi oʻrinlar sohiblarini ham munosib mukofotlar bilan taqdirlash belgilangan.

Maʼlumot uchun aytish lozimki, ayni shu kuni Gulistonda I Xalqaro investitsiya forumi ish boshlaydi. Unda 60 dan ziyod davlatlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Eʼtiborlisi,shu kuni mehmonlar ajoyib bayram tomoshalarida ham ishtirok etishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?