Sirdaryoda gʻallakorlar taqdirlandi, sovgʻalardan biri yana sovgʻa qilindi

17:41 15 Iyul 2019 Jamiyat
535 0

Foto: "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Guliston shahridagi muhtasham amfiteatrda ilgʻor gʻallakorlarni taqdirlash tantanasi boʻlib oʻtdi.

Joriy yilda gʻalladan Sirdaryo viloyati tarixida kuzatilmagan darajada yuqori hosil olindi. Qabul punktlariga 468 ming tonna hosil topshirildi. Eng eʼtiborlisi, ishni yangicha tashkil etish, jarayon ishtirokchilari uchun qulay sharoitlar yaratish hamda ularni ragʻbatlantirish doimiy eʼtiborda boʻlganligi tufayli oʻrim-yigʻim juda qisqa muddat- 15 kunda nihoyasiga yetkazildi.

Foto: "Xalq so'zi"

Tantanada Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayev soʻzga chiqdi va gʻallakorlar hamda butun viloyat aholisini ulkan zafar bilan tabrikladi.

Hosil bayramida yuqori natija koʻrsatganlar Prezident sovgʻalari bilan taqdirlandilar.Eng koʻp boshoqli don yetishtirgan Oqoltin tumaniga “UAZ- Patriot” avtomashinasi berildi. Qolgan barcha tumanlar hokimlariga ham turli rusumdagi avtomobillar tantanali ravishda topshirildi. Xovos, Mirzaobod,Sayxunobod tumanlarining dehqon va fermer xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari kengashlari raislari “Prezident sovgʻasi” - “Damas” avtomashinasi bilan mukofotlandilar. Shuningdek, tadbir doirasida “Yuksalish” umummilliy harakati Sirdaryo viloyati boʻlimi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Sirdaryo viloyatidagi tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasiga ham davlatimiz rahbarining sovgʻasi - “Kobalt “ va “Jentra” avtomashinalari topshirildi.

Foto: "Xalq so'zi"

Sirdaryo tumani hokimi Alijon Muhammadiyevning tantanada eʼlon qilgan “Faollar va oqsoqollar bilan kelishgan holda bizga sovgʻa qilingan “Damas” avtomashinasini tumandagi “Muruvvat” uyiga tuhfa sifatida beradigan boʻldik” degan xabari ishtirokchilar tomonidan gulduros qarsaklar bilan maʼqullandi.

Maʼlumot uchun. Viloyatda boshoqli don yetishtirish va uni oʻrib-yigʻib olishda namuna koʻrsatgan barcha tumanlar ilgʻorlari munosib ragʻbatlantirildi. Ushbu xayrli ishga jami 2,5 milliard soʻm yoʻnaltirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?