Sirdaryoda “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovi gʻolibiga “Spark” avtomobili topshirildi

15:47 01 Iyul 2019 Jamiyat
462 0

Foto: "Xalq so'zi"

Gulistonda “Yoshlar kuni” bayram tadbirlari “Yoshlar paradi” loyihasi bilan boshlandi. Unda 1000 nafar yigit –qiz ishtirok etdi. Soʻngra “Motamsaro ona” haykali poyiga gullar qoʻyildi. “Yurt bayrogʻi”maydonida 30-iyun kuni 10 yoshga toʻlgan oʻquvchilar “Kamalak” bolalar tashkiloti, 14 yoshga yetgan oʻgʻil-qizlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi aʼzoligiga qabul qilindi.

Shuningdek, bayram dasturi doirasida “Hokim va yoshlar”, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining nikoh toʻylari, harbiy qismlar yoshlari oʻrtasida “Zukko kitobxon” va yana bir qancha madaniy –maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi. Muhtasham Amfiteatrda esa bayram tantanasi va gala-konsert oʻtkazildi.

Unda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston yoshlariga bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Soʻngra viloyat rahbari Prezidentimiz qaroriga asosan “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan Boyovut tumanidagi 30-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Nodirbek Bahromov va Sirdaryo tumanidagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabining ogʻir atletika boʻyicha murabbiyi Javohir Qurbonovga ushbu yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi. Shuningdek,“Yoshlar oyligi” doirasidagi loyihalar gʻoliblari ham munosib taqdirlandilar.

Foto: "Xalq so'zi"

Unda “Eng yaxshi kitobxon oila ” tanlovi gʻolibi, Sayxunobod tumanidan Muhammad Qarshiyev oilasiga Prezident sovgʻasi - “Spark” avtomashinasi topshirildi. Shu oila aʼzosi 5 yoshli Ogʻabekning yoddan oʻqigan sheʼrlari esa barcha ishtirokchilarning olqishiga sazovor boʻldi.

Maʼlumot uchun. Hozirda Sirdaryo viloyati aholisining 488 ming nafarini yoshlar tashkil qiladi.

Sevinch ANVARBEKOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?