Sirdaryoda “Eng ulugʻ, eng aziz” tanlovi viloyat bosqichi ochiq osmon ostida oʻtkazildi. Gʻoliblar qatorida “Xalq soʻzi” muxbiri ham bor

15:28 15 Avgust 2019 Jamiyat
193 0

Sirdaryoda “Eng ulugʻ, eng aziz” tanlovi viloyat bosqichi ochiq osmon ostida oʻtkazildi. Gʻoliblar qatorida “Xalq soʻzi” muxbiri ham bor

Gulistondagi “Bilimdonlar maskani”da Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bagʻishlangan, “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” gʻoyasini oʻzida mujassam etgan “Eng ulugʻ, eng aziz” koʻrik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi gʻoliblarini taqdirlash tantanasi boʻlib oʻtdi.  

Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, tanlovga 71 nafar muallifning jami 1149 ta ijodiy ishi taqdim etilgan. Eʼtiborlisi, bu yilgi ijodiy ishlarda bosma OAV materiallari , badiiy hamda tasviriy sanʼat asarlari qatorida OAV sifatida davlat roʻyxatiga olingan veb-saytlar, Telegramm kanallarida eʼlon qilingan xabar va maqolalar soni ham ortganligi kuzatildi.

Tanlov hayʼatining xulosasiga binoan badiiy adabiyot nominatsiyasida yosh shoir, Guliston Davlat universiteti talabasi Rashid Xoʻjamov birinchi oʻrin sohibi boʻldi.Bosma OAV xodimlari oʻrtasidagi tanlovda esa har bir oʻringa ikkitadan gʻolib saralandi. Unda “Sirdaryo haqiqati” gazetasining boʻlim mudiri Mamadali Ahmedov hamda “Qishloq hayoti” gazetasining viloyat muxbiri Bozorboy Bekmurodov eng yuqori pogʻonani egalladilar.

Internet jurnalistikasi nominatsiyasida esa ““Xalq soʻzi Online” sayti va“XS.UZ | Eng muhim xabarlar” rasmiy telegramm kanalida eʼlon qilingan maqola va xabarlari uchun “Xalq soʻzi” gazetasi viloyat muxbiri Axmadali Shernazarov gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, teleradio, tasviriy sanʼat va boshqa nominatsiyalar boʻyicha ham eng munosiblar tanlov gʻoliblari boʻlishdi.

Aytish lozimki, badiiy adabiyot nominatsiyasi sovrindorlari orasida Sardoba tumanilik birinchi guruh nogironi Nasiba Abdurahimova ham bor.

-Oʻzim yura olmayman,- deydi Nasiba Abdurahimova.- Shunday boʻlsa-da, badiiy ijod bilan shugʻullanaman. Hayotimizda boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlarni, bunyodkorliklarni asarlarimda talqin qilishga harakat qilayapman. Tanlovga 2018-yilda “Ziyo” nashriyotda chop etilgan “Sogʻinch iztirobi” nomli kitobimni topshirgan edim. Toʻgʻrisi,gʻoliblik shohsupasiga chiqaman, deb hech ham oʻylamagandim. Men bugun juda ham baxtiyorman, negaki, Vatanimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami arafasida yozganlarim munosib eʼtirof etildi. Va bundan nogiron boʻlsam-da, oʻzimni shu jonajon Oʻzbekistonimiz ravnaqiga ozmi-koʻpmi hissamni qoʻshgandek his qildim.

Yana bir jihat, “Eng ulugʻ, eng aziz” koʻrik-tanlovi yakuniga bagʻishlangan tadbirning bu galgisi har yilgidan oʻzgacha tashkil etildi. Yaʼni u ulugʻ bobomiz Alisher Navoiyning salobatli haykali poyida, “Bilimdonlar maskani” maydonida - ochiq osmon ostida, keng jamoatchilik va aholi vakillari bilan birgalikda oʻtkazildi. Tantana doirasida kitoblar savdosi, tasviriy sanʼat koʻrgazmalari tashkil etildi. Taniqli sanʼatkorlar va yosh ijrochilarning“Eng ulugʻ, eng aziz” deb nomlangan gala konserti namoyish qilindi.

Taqdirlash tantanasida Sirdaryo viloyat hokimi oʻrinbosari Otabek Abdugʻaniyev, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining raisi Akmal Nuriddinov ishtirok etdilar va gʻoliblarga viloyat hokimligining qimmatbaho sovgʻalarini topshirishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?