Sirdaryoda “Bor mehrimiz shu xalq, shu vatan uchun!” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar boshlandi

15:14 23 Iyul 2019 Jamiyat
245 0

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Maʼlumki, joriy yilning 18-iyul kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurganida qator topshiriqlar qatori, viloyatda istiqomat qiluvchi aholini malakali mutaxassislar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklardan oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning 22-iyul kunidan “Bor mehrimiz shu xalq, shu Vatan uchun!” shiori ostida viloyat aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Ushbu yirik ijtimoiy tadbirdan asosiy maqsad, birinchi navbatda, hududdagi aholi oʻrtasidagi statistik maʼlumotlarning haqqoniyligini aniqlash, ikkinchidan, surunkali kechuvchi – kardiologik, endokrinologik, dermatologik, nevrologik, ginekologik, urologik singari bir qancha yoʻnalishdagi xastaligi mavjud bemorlarni dispanser nazoratiga olish va shu asnoda ularni birlamchi tibbiy profilaktika nazoratidan tortib, profilaktikasini toʻlaqonli oʻtkazishga qaratilgan. Uchinchidan esa, ushbu tadbirda malakali mutaxassislar bilan birga aholini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik va murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazishda faol ishtirok etayotgan mahalliy shifokorlar bir vaqtning oʻzida oʻz bilim koʻnikmalari va tajribalarini yanada oshirish imkoniyatiga ham ega boʻlmoqdalar.

Bunday koʻriklarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, aholi oʻz hududidan chiqmagan holda respublika darajasidagi sifatli ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish imkoniyatidan bahramand boʻlmoqda. Agar bir bemorda bir necha turdagi kasallik mavjud boʻlsa, u ayni yoʻnalishdagi tor soha mutaxassislari ishtirokida shu yerni oʻzida konsiliumi asosida muolaja tayinlanmoqda.

Oʻtkaziladigan koʻriklarning sifat va samaradorligini taʼminlash maqsadida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlar direktorlari, akademiklar, ilmiy-tekshirish institutlari, nufuzli respublika klinik shifoxonalarining yetakchi olimlari, tibbiyot fanlari doktorlari va yuqori malakali shifokorlari boshchiligidagi kardiolog, endokrinolog, akusher-ginekolog, dermatovenerolog, pediatr, terapevt, travmatolog, allergolog, xirurg, nevropatolog, oftolmalog singari yigirmaga yaqin tor sohada faoliyat koʻrsatayotgan 100 nafarga yaqin mutaxassislardan iborat guruhlar viloyatning eng chekka hududlardagi pensionerlar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, yolgʻiz keksalar, bolalar, fertil yoshidagi ayollarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazmoqda. Koʻriklar davomida mutaxassislar har bir murojaat qiluvchiga alohida eʼtibor qaratib, toʻshakda yotib qolgan qariyalar va bemorlar holidan xonadonlarga borib xabar olishmoqda. Koʻrik paytida xastaliklar aniqlangudek boʻlsa, har bir bemor uchun maxsus davolash va reabilitatsiya rejalari belgilanadi. Jumladan, aholining ambulator sharoitda, tuman, viloyat shifoxonalari hamda respublika davolash-profilaktika muassasalarida oʻrnatilgan tartibda sogʻlomlashtiriladi.

Hudud aholisiga malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsadi tashkil etilayotgan koʻriklar davomida mutaxassislar har bir murojaat qiluvchiga alohida eʼtibor qaratib, ularga zarur tavsiya va amaliy yordamlarini koʻrsatishmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, oʻtgan yil davomida Sirdaryo viloyatida 21 ta muassasada (QOP, QVP hamda davolash profilaktika muassasalarida) qurilish-taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. “Obod qishloq” dasturi doirasida esa sogʻliqni saqlash tizimidagi 11 ta muassasada taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Joriy yilda ham “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 17 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

“Bor mehrimiz shu xalq, shu Vatan uchun!” shiori ostida oʻtkazilayotgan tadbirlar doirasida aholi oʻrtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, yuqumli kasalliklarning oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari va muloqotlar ham olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?