Sirdaryoda bitta maktabdan 5 nafar bitiruvchi oʻqishni oltin medal bilan tugatdi

14:37 18 Iyun 2019 Jamiyat
336 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Gulistonda umumtaʼlim maktablarini aʼlo baholarga bitirgan, har jihatdan namuna boʻlgan oʻquvchilarga oltin va kumush medallar tantanali ravishda topshirildi. Va ularning 18 nafari oltin, 7 nafari esa kumush medal sohiblari boʻlishdi.

- Mening maktabni bitirishim oʻzim, ustozlarim va oila aʼzolarim uchun qoʻshaloq bayramga aylandi, - deydi Sirdaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi 1-viloyat xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchisi Madina Sunnatova.- Yaqindagina umumtaʼlim fanlari boʻyicha respublika olimpiadasida “Fransuz tili”yoʻnalishida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edim. Bugun esa oltin medalli boʻldim. Qolaversa, tantanada meni respublikada erishgan yutugʻim uchun tashakkurnoma va sovgʻa bilan ham taqdirlashdi. Buning uchun tengdoshlarim nomidan biz yoshlarni chuqur bilim olishimiz uchun qulay sharoit yaratib bergan Prezidentimizga, xalq taʼlimi sohasi fidoyilariga va albatta, ustozlarimga, ota-onamizga rahmatlar aytaman.

Eʼtiborlisi, Madina oʻqigan maktabning yana 4 nafar oʻquvchisi ham oltin medal oldi va Guliston shahri bu borada viloyat tuman-shaharlari oʻrtasida birinchi oʻrinni egalladi. Bunday yuqori koʻrsatkich Sayxunobod tumanida ham kuzatildi. Yaʼni sayxunobodlik 4 nafar oʻquvchi oltin, 1 nafari esa kumush medalli boʻlishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?