Sirdaryoda avtobus agʻdarilib ketdi, 16 kishi jarohatlandi

11:27 12 Iyul 2019 Jamiyat
323 0

Illyustrativ foto

11-iyul kuni soat 10:48 atrofida Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani M-34 trassa yoʻlida harakatlanayotgan “Isuzu” avtobusi yoʻldan chiqib ketib, avtohalokat sodir boʻlgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, voqea natijasida 16 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. Bemorlarga zudlik bilan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilib, ularning 9 nafari Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyat filialiga yotqizilgan, 7 nafariga esa jarohati yengil boʻlganligi sabab ambulator sharoitda tibbiy yordam koʻrsatilgan. Vafot etgan bemorlar yoʻq.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrilmoqda. Jumladan, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlangan fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha tezkor guruh tuzildi. Ayni paytda malakali jarroh, neyrojarroh, travmatolog, ortoped, reanimatolog-anesteziolog, nevrolog kabi shifokorlar markazning Sirdaryo viloyat filialidagi bemorlar hayoti uchun kurashmoqda.

Shuningdek, ular uchun zarur tibbiy dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi holat yuzasidan maʼlumotlarni berib boradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?