Sirdaryoda 280 mln dollarlik xorij investitsiyasi ishtirokida 25ta loyiha amalga oshiriladi

17:45 25 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
610 0

Sirdaryo viloyatida umumiy qiymati 327,6 mln. AQSH dollar, shu jumladan, 280,3 mln. AQSH dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 25 ta loyihalarni amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, shundan, 7 tasi yaʼni 39,5 mln. AQSH dollari Xitoy davlatining toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyasi loyihalariga toʻgʻri keladi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 101 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu xorijiy korxonalarning 41 tasi Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda tuzilgan.

Jumladan, viloyatda faoliyat olib borayotgan “Peng Sheng” QK, “Vangda Grupp” MCHJ, “Krona plit” MCHJ, “Maker international Uzbekistan” MCHJ, “Modern Lift Sistem” MCHJlarni misol keltirishimiz mumkin. Ushbu korxonalar tomonidan yangi turdagi santexnika vositalari, granit keramik kafellar, PVA kley va emulsiya, mahalliy gʻoʻzapoyadan DSP, LED lampochkalari, lift va ekskalatorlar, tibbiy shpris va sistemalar, farmatsevtika sanoati uchun shisha idishlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Joriy yilning 21 sentyabr kuni viloyat hokimligi binosida viloyat hokimining oʻrinbosari A.Xodjiyev hamda Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasi oʻrtasida Xitoy davlati investorlari bilan telemost oʻtkazildi. Oʻtkazilgan telemostda mazkur 7 ta loyiha boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 2-8 may kunlari viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev raisligida viloyat delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Chjeszyan provinsiyasi, Xanchjou shahri, Venchjou shahri, Ouxay tumani, Shanxay shahri, Shinjon Uygʻur Avtonom tumaniga tashrifi davomida erishilgan ikki tomonlama oʻzaro foydali kelishuvlar asosida 22 ta hujjat 105 mln. AQSH dollariga teng miqdordagi savdo, fan-texnika va madaniyat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, jumladan, paxta klasterlarini tashkil etish hamda noyob dekorativ daraxtlar va gullarni yetishtirish boʻyicha koʻchatchilik xoʻjaliklarini tashkil etish, santexnika va mebel jihozlarini, kommunal sohadagi turli hisoblagichlarni ishlab chiqarish, tomchilatib sugʻorish texnologiyasi va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlik memorandumlari imzolangan edi.

Oʻtkazilgan muzokaralar natijasida viloyatda yangi ish oʻrinlari yaratilishi hamda bir qancha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilishiga erishiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?