Sirdaryo viloyatida paxta terimini tashkil etish boʻyicha yangi tizim yaratilmoqda

13:43 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
124 0

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muxitdinov ishtirokida Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi dala markazida oʻquv seminari boʻlib oʻtdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Seminardan koʻzlangan asosiy maqsad paxta terimi mavsumida ishlarni samarali tashkil etish, ixtiyoriy yollangan terimchilar uchun barcha zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, paxta terimi davomida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik masalalarida fikr almashish va shunga oid amaliy koʻrsatmalar berishdan iborat boʻldi.

Seminar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-avgustdagi farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan eksperimental namunadagi dala markazi (hasharchilar shaharchasi)dagi shart-sharoitlar koʻzdan kechirildi.

Shuningdek, seminar kuni Xovos Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi yangi binosining ochilish marosimi ham oʻtkazildi. Zamonaviy shart-sharoitlarga ega ushbu Markaz orqali endilikda bandlikni taʼminlash boʻyicha aholiga yanada sifatliroq xizmatlar koʻrsatiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?