Sirdaryo viloyati IIB nafaqat gʻoliblarni, balki ularning ota-onalarini ham taqdirladi

17:48 29 Noyabr 2018 Jamiyat
1006 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryo viloyat ichki ishlar organlarining tergov, jinoyat qidiruv va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida namunali xizmat olib borayotgan xodimlari oʻrtasida “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor vakil”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori” nominatsiyalari boʻyicha oʻtkazilgan koʻrik tanlov yakunida nafaqat gʻoliblar, balki ularning ota-onalari ham taqdirlandilar.

“Har bir yigit — qizning yurti va xalqiga sodiq, el ishida fidoyi boʻlib voyaga yetishida albatta, ota-onalarning katta xizmatlari bor. Ana shuni eʼtiborga olgan holda ichki ishlar boshqarmamiz rahbariyati tashabbusi bilan gʻolib hamkasblarimizning ota-onalarini ham ragʻbatlantirish lozim topildi. Va bu yangicha noaʼnaviy yondashuv ishtirokchilar tomonidan ham katta minnatdorlik bilan qabul qilindi” deydi Sirdaryo viloyati IIB matbuot guruhi rahbari, kapitan Doston Shamsiddinov.

Ishtirokchilarning surishtiruv -tergov harakatlari va profilaktik tadbirlarni olib borish, fuqarolar bilan uchrashish, ular bilan muloqotga kirishishda kasbiy mahorat, malaka hamda boshqa yoʻnalishlarda erishilgan yuqori natijalari koʻrik tanlovning asosiy mezon boʻldi. Xususan, profilaktika katta inspektori, kapitan Nurali Xoʻjabekov faoliyat koʻrsatayotgan Guliston shahridagi “Bogʻishamol” mahallasida 2018 yilning 10 oyida davomida bironta ham jinoyat sodir etilmagan.Qolaversa u Guliston shahrida sodir etilgan 6 ta jinoyatni ochishga erishgan.Ana shu natijalar va profilaktik tadbirlarni namunali tashkil etgani uchun Nurali Xoʻjabekov haqli ravishda viloyatdagi 196 profilaktika inspektorlarining eng yaxshisi boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?