Sirdaryo viloyati hokimining navbatdagi sayyor qabuli odatdagidan boshqacha formatda oʻtkazildi

16:16 19 Avgust 2019 Jamiyat
358 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sayxunobod tumani “Baxmalsoy” mahallasidagi Oydin yoʻl qishlogʻida Sirdaryo viloyati hokimining sayyor qabuli boʻlib oʻtdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligining rasmiy sayti xabar berdi.

Eʼtiborlisi, ushbu qabul yangicha yondoshuv asosida, yaʼni hududdagi masalalar oldindan chuqur oʻrganilgan holda tashkil etildi. Natijada tadbir aholini eshitish, mummolar yechimni topish bilan emas, amaliy ishlar bilan boshlandi.

Xususan, har bir koʻchada zamonaviy texnikalar yordamida yoʻl qurish, ichimlik suvi tortish, eskirgan simyogʻochlarni yangisiga almashtirishga kirishildi.

Viloyat hokimi Gʻofirjon Mirzayev qishloqdagi 2-umumtaʼlim maktabining yangi oʻquv yiliga tayyorgarligi bilan tanishdi. 1981-yilda qurilgan mazkur oʻquv dargohi oxirgi marta 14 yil avval taʼmirlangan. Viloyat hokimi maktab holati bilan tanishar ekan, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan shu yerning oʻzida mutasaddilarga topshiriq va koʻrsatmalar berdi. Shuningdek, maktab uchun zamonaviy sport zali qurish rejasi 2020-yil mahalliy dasturga kiritildi.

Soʻngra hokim oqsoqollar bilan yurakdan suhbatlashib, aholini qiynab kelayotgan muammolarni eshitdi. Ularning murojaatlariga koʻra, qishloq ichki yoʻlining 3,2 kilometrini toʻliq taʼmirlash, suyultirilgan gazni har oyda bir marta emas, har 15 kunda keltirish boʻyicha mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi.

Ayni vaqtda Oydin yoʻl qishlogʻida 140 ta xonadon boʻlib, aholisi 620 nafarni tashkil qiladi. Hokim xotin-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida 18-sentyabrgacha “Politex Sirdaryo” MCHJ klasteri tomonidan 50 ta ish oʻrinlik senvich panelli tikuv korxonasi foydalanishga topshirilishini aytdi. Shuningdek, qishloq aholisining taklifiga binoan tikuv sexi oldida 3 xonali koʻrkam zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatish binosi ham quriladigan boʻldi.

Viloyat hokimi sayyor qabul davomida kuni kecha sunnat toʻyi boʻlib oʻtgan, Sarishta koʻchasi 11-uyga, Jumagul Bozorova xonadoniga tashrif buyurib, bolajonlarga velosiped sovgʻa qildi. Shu yerning oʻzida tuman hokimi B.Mirzaqulovga J.Bozorovaning uyi atrofini obodonlashtirib, koʻrimsiz loygʻishtli oʻrniga shlakablokli devor bilan oʻrab berish haqida koʻrsatma berdi.

– Ochigʻi, men viloyat rahbarlarining qishlogʻimizga kelganini eshitib, aynan bizning xonadonimizga ham tashrif buyurishini kutmagan edim. Oʻzim kuni kecha farzandlarimni sunnat qildirib, ularga har bir bola orzu qiladigan velosiped olib berolmaganimdan koʻnglimda armon bor edi. Viloyatimiz hokimi uyimga kelib, farzandlarimga velosiped sovgʻa qildi. Bolalarimning quvonganini koʻrib, Oʻzbekistonimizning har bir fuqarosi muhtaram Prezidentimizning eʼtiborida ekanligiga guvoh boʻldim, – deydi Jumagul Bozorova.

Bundan tashqari qishloqda istiqomat qilayotgan kam taʼminlangan oilalar Azlixxon Musayev va Sayyora Shamsiyeva xonadoniga gaz plitasi, Malika Habibova oilasiga kir yuvish mashinasi sovgʻa qilindi.

Qishloq aholisini qiynab kelayotgan muammolardan yana biri ichimlik suvidir. Qishloqdagi suv inshooti qariyb 50 yil ilgari qurilgan boʻlib, aholi oxirgi 10 yildan beri suvni tashib ichadi. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan artezian qudugʻi qayta ishga tushirilib, shu kunning oʻzida aholiga ichimlik suvi chiqarib berildi.Quduq minorasini taʼmirlash, har bir koʻchaga suv tarmogʻi tortish uchun mahalliy byudjetdan 300 mln soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladigan boʻldi. Bu ishlar uzoq kutiladigan rejalar asosida emas, balki 1-sentyabrgacha bitkazilishi belgilandi.

Qishloqda yashovchi aholining tomorqadan foydalanish madaniyati ham atroflicha oʻrganildi. Sarishta koʻchasida istiqomat qiluvchi Alisher Joʻrayev xonadonida 14 sotix issiqxona tashkil etilgan. Oilaning shu yilning oʻzida 30 mln sof daromad olgani, hozirda ikkinchi hosil uchun koʻchatlar parvarishlayotgani namuna sifatida koʻrsatildi.

Eng muhimi, sayyor qabulning yangicha formati – avval oʻrganib, soʻngra masalalar yechimi boʻyicha bevosita amaliy ishlarni boshlab yuborgan holda ushbu tadbirni oʻtkazish aholi murojaatlarini hal etishning eng maqbul va samarali uslublaridan ekanligini amalda namoyon etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?