Sirdaryo viloyati hokimi qabulida 1000 yaqin fuqaro qatnashdi

16:33 28 Iyun 2019 Jamiyat
323 0

Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev Boyovut tumanidagi “Iftixor” mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi. Unda shahar, tuman hokimlari, 4 ta sektor boshliqlari, viloyat tashkilotlari, tegishli idora va korxonalar hamda tijorat banklarining rahbarlari ishtiroketdilar.Qabulda viloyatning barcha shahar hamda tumanlaridan kelgan fuqarolarning murojaatlari tinglandi va ularni qiynayotgan muammolar boʻyicha shu yerning oʻzida chora-tadbirlar belgilandi.

Qabul jarayonida 1000 ga yaqin fuqarolar ishtirok etdi va ularning 600dan oshiq murojaati tinglandi. Murojaat etganlardan 491 nafarining masalalari joyida hal etilgan boʻlsa, 117 nafariga asosli tushuntirishlar berildi. Qolgan 54 nafar murojaatning yechimi muddat talab etganligi sababli “Yoʻl xarita”siga kiritildi va mutasaddi idoralar masʼullari tomonidan nazoratga olindi. Qabul jarayonida fuqarolar tomonidan koʻtarilgan masalalar asosan kommunal xizmat, imtiyozli kredit olish, ichimlik suvi tarmogʻi tortish, ichki yoʻllarni taʼmirlash, homiylik, uy-joy olish va ularni taʼmirlash hamda boshqa masalalardan iborat boʻldi.

- Qishlogʻimiz hududidan oʻtgan katta ariq koʻpdan buyon tozalanmaganligi tufayli loyqa bosib qolgan,- deydi Sardoba tumanidagi “Boʻston” mahallasida yashovchi Ilhom Qarshiyev. - Shu tufayli va sizot suvlarning koʻtarilishi natijasida hovlilarimizda oʻz-oʻzidan koʻlmaklar paydo boʻlmoqda. Sayyor qabulda viloyat meliorativ ekspeditsiyasi mutaxassislariga ushbu muammoni atroflicha tushuntirdik. Ekspeditsiya rahbarlari kerakli texnika ajratib, oʻsha ariqni tozalash, zax suvni qochirish boʻyicha amaliy yordam beradigan boʻldi. Murojaatimiz eʼtiborsiz qolmagani, biz koʻtargan muammo ortiqcha yugur-yugurlarsiz hal etilayotganidan xursandmiz.

Hududlar obodligi boʻyicha yana koʻplab ana shunday taklif va murojaat egalari ham qabuldan minnatdor boʻlib qaytishdi. Masalan, Boyovut tumanidagi “Ozodlik” mahallasida istiqomat qilayotgan NarzullaPardayev qishloqdagi 500 metrlik ichki yoʻllarni taʼmirlab berish masalasi boʻyicha murojaat qildi. Viloyat yoʻl qurilishi mutasaddilari mazkur muammoni hal etish boʻyicha shu yerning oʻzida amaliy chora -tadbir belgilab olishdi.

Aytish lozimki, viloyat rahbarining bu galgi sayyor qabuli ham xayrli ishlar bilan boshlandi. Yaʼni qabul oldidan 3 nafar nogironga nogironlik aravachasi topshirildi. Shuningdek, Boyovut tumanidagi profilaktika inspektorlariga 38 ta velosiped berildi. Gʻalla oʻrim-yigʻimida alohida namuna va gʻayrat-shijoat koʻrsatgan bir guruh otryad boshliqlari, kombayn operatorlari esa sovgʻalar bilan taqdirlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?