Sirdaryo viloyati hokimi poytaxtda oʻqiyotgan talabalar bilan uchrashdi

13:55 22 Dekabr 2018 Jamiyat
701 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Xalq soʻzi Online“. Ahmadali Shernazarov. Toshkent shahridagi “ Farovon“ restoranida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayev poytaxtdagi oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan sirdaryolik talabalar bilan uchrashdi.

Tadbirda 700 nafardan oshiq yigit-qizlar ishtirok etishdi.

Sirdaryo viloyat hokimi talabalarga viloyatda olib borilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, yangilanishlar haqida batafsil malumot berdi. Ayni vaqtda barcha sohalarda malakali kadrlarga ehtiyoj katta ekanligini aytib oʻtdi. Belgilangan loyihalarni amalga oshirishda yetuk kadrlarning roli katta ekanligini takidladi. Ayni vaqtda Sirdaryo viloyatida turli tarmoqlar, ayniqsa, tibbiyot sohasida kadrlar yetishmovchiligi sezilayotganligi aytildi. Shuningdek, injener, arxitektura, Mirzachoʻl vohasi uchun oʻta zarur boʻlgan irrigator va meliorator, agronomlarga ham talab yuqori ekanligi qayd etildi.

Viloyat hokimligining bergan maʼlumotga koʻra, bugungi kunda poytaxtdagi oliygohlarda 3500 dan ziyod talaba tahsil olmoqda.

Viloyat hokimi Toshkentda talim olayotgan yoshlarni kelgusida Sirdaryo viloyatida olib borilayotgan qurilishlarda ishtirok etishga, yangi zavod- fabrikalar, iqtisodiyot korxonalariga ishga chaqirdi.

Shu oʻrinda, Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi nufuzli kompaniyalardan birida yuqori maosh olib ishlayotgan Shohruh Isoqulovning viloyatga kelib ishlashga qaror qilganligini ibrat qilib koʻrsatdi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

- Men Toshkent Davlat texnika universitetining energetika fakultetida oʻqiyman. Viloyat hokimining ushbu tadbirdagi taklifi bizning kelgusida maqsad qilgan rejalarimizni amalga oshirishimizda katta ishonch boʻldi. Oʻzim oliy oʻquv yurtini bitirgach viloyatimizdagi irrigatsiya tarmoqlarida kichik gidroelektrostansiyalar qurish loyihasini amalga oshirmoqchiman, - deydi Alimardon Abduvaliyev.

- Hozirgi zamonaviy matbaa sohasi avvalgidek faqat kitob nashr qilish yoki boshqa bosma nashr ishlari bilan cheklanib qolmagan, yani bugun matbaa sohasi kiyim-kechaklar, hatto, shisha idishlarga gul bosishda xam qoʻllanilmoqda, men oʻqishni bitirgandan soʻng viloyatimizda zamonaviy kadrlarga ehtiyoj juda katta boʻlgan ushbu sohada faoliyat koʻrsatmoqchiman, - deydi Toshkent toʻqimachilik yengil sanoat institutining matbaa yunalishi talabasi Hilola Shodiyeva.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va urta maxsus-taʼlim vaziri oʻrinbosari U. Begimqulov, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh. Qudratxoʻjayev va boshqalar soʻzga chiqdilar.

Talabalar etiboriga sirdaryolik musiqachi, xalqaro tanlovlar sovrindori Dilshod Karimov rubob-primada ajoyib kuylar taqdim etdi.

Tadbir bir piyola choy ustida uzoq davom etdi. Sirdaryo viloyati madaniyat boshqarmasi xonanda va sozandalari jonli ijro etgan kuy-qoʻshiqlar, raqqosalar ijrosidagi milliy raqslar shodonlik bagʻishladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?