Sirdaryo viloyati hokimi oʻzi oʻqigan Fargʻonadagi maktabga 300 dan ziyod kitob sovgʻa qildi

12:50 02 Aprel 2019 Jamiyat
596 0

Illyustrativ foto

Sirdaryo viloyati hokimi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Gʻofurjon Mirzayev Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanidagi oʻzi tahsil olgan maktab kutubxonasiga 300 dan ortiq badiiy adabiyotlar sovgʻa qildi.

Shu munosabat bilan tumandagi 27-umumiy oʻrta taʼlim maktabida tashkillangan tadbirda mahalliy hokimlik organi vakillari, xalq taʼlimi boʻlimi mutasaddilari, faxriy ustozlar va oʻquvchilar qatnashdi.

Sirdaryo viloyati hokimligi xodimi Umidjon Qulmonqulov kitoblarni maktab rahbariyatiga topshirar ekan, bu dargohda tahsil olayotgan yigit-qizlardan kelgusida yetuk va barkamol, el-yurt manfaati, Vatan ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qiladigan insonlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

Tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston xalq ustasi, xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati Muhammadali Yunusov ham soʻz olib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan bu ezgu saʼy-harakat, albatta, kutilganidan-da ziyodroq natija berishini taʼkidladi.

- Men bu shogirdimdan hamisha faxrlanaman, - deydi ayni ziyo maskanida uzoq yillar davomida ishlab, oʻquvchilarga matematika fanidan saboq bergan faxriy ustozlardan biri Xosiyatxon aya Hasanova. – Gʻofurjon – oʻzi boʻladigan bola edi! Sinfimda tashabbuskorligi, bilimga chanqoqligi bilan alohida ajralib turardi. Undagi rahbarlik qobiliyatini oʻshandayoq sezgandim. Gʻofurjonning bugungi yutuqlarini eshitib, yuragim sevinchga toʻladi. Televizorda Sirdaryo viloyati haqida biror bir koʻrsatuv berilsa, koʻz oʻngimda gʻayrat-shijoatli, qatʼiyatli, sinfdoshlariga har tomonlama oʻrnak boʻlgan Gʻofurjon gavdalanaveradi.

Tadbir yakunida Bagʻdod tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Toʻlqinoy Tojiyeva Sirdaryo viloyati hokimligi hamda viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayevga samimiy minnatdorlik izhor qildi.

Elyorjon Ehsonov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?