Sirdaryo viloyati hokimi eng chekka hududdagi maktabda dars oʻtdi

14:57 04 Sentyabr 2019 Jamiyat
1490 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayev Sardoba tumanidagi 18-maktabning 11-“A” sinfida yangi oʻquv yilining ilk – “Mustaqillik”darsini oʻtdi.

Unda viloyat hokimi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi hamda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida oʻtkazilgan xalqimiz ozodligi va yurtimiz mustaqilligi yoʻlida qurbon boʻlgan marhumlarni yod etish tadbirida bildirgan fikrlari mazmun-mohiyati haqida oʻquvchilarga batafsil gapirib berdi.

-Muhtaram Yurtboshimiz nutqining har bir satrida hayot bor, har bir soʻzida Oʻzbekistonimizning yuksak taraqqiyotiga qaratilgan aniq maqsad bor,- dedi viloyat rahbari.- Masalan, Prezidentimiz tashabbusi bilan maktab taʼlimini rivojlantirish masalasi buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanmoqda.Endi har birimiz maʼnaviyat va maʼrifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilishimiz,“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”degan ustuvor gʻoyani asosiy dasturilamal qilib olmogʻimiz kerak. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek,vijdoni, maʼnaviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi koʻradi. Vijdon, maʼnaviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir.

Darsda shuningdek, fidoyi va vatanparvar bobolarimizning hayoti va merosini oʻrganish yoshlarda Vatanga mehr-muhabbat, sadoqat tuygʻularini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Eʼtiborlisi, viloyat hokimi oʻquvchilarning fizika, matematika, ona tili fanlari boʻyicha bilimlarini amaliy mashgʻulotlar asosida sinovdan ham oʻtkazdi. Hokim ona tili boʻyicha bergan mashqlarini toʻgʻri bajargan va savollariga toʻliq javob bergan oʻquvchi Madina Oʻrozboyevaning kundaligiga “5” baho ham qoʻyib berdi.

Pirovardida sinf rahbari Dilfuza Berdibekovaga darslarda foydalanishi uchun planshet , oʻquvchilarga esa turli nomdagi kitoblar sovgʻa qilindi.

Ayni chogʻda viloyat va tuman-shahar tashkilotlari rahbarlari ham maktablarda ana shunday darslar oʻtkazishdi.

Maʼlumot uchun. Bundan oldin Sirdaryo viloyatida haftaning har jumasi “Maktab kuni” deb, shuningdek,“Eng yaxshi maktab”, “Eng yaxshi maktab direktori”, “Eng yaxshi fan oʻqituvchisi” tanlovi ham eʼlon qilingan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?