Sirdaryo viloyati hokimi: “Biz ikkinchi Amerika boʻlamiz”

20:18 22 Avgust 2019 Jamiyat
400 0

Aholisi Oʻzbekistonning turli hududlaridan kelib qoʻnim topgan Sirdaryo viloyati Amerikaga qiyoslandi. Bu haqda 22-avgust kuni viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev I Xalqaro investitsiya forumi doirasida jurnalistlar bilan muloqotda aytib oʻtdi, deya xabar bermoqda “Daryo”.

Forumda viloyat hokimi mamlakatdagi iqtisodiy jihatdan quyi oʻrinlarda turuvchi Sirdaryo viloyatiga rahbar etib tayinlanishi haqida gapirib berdi.

“Sirdaryo choʻllarini obod qilaman, deb vodiy, Jizzax, Samarqand, Buxoro, qoʻyingki, Oʻzbekistonning deyarli barcha hududlaridan aholi vakillari kelgan. Shuning uchun koʻpchilik menga ushbu viloyatda ishlash qiyin boʻladi, deb aytgandi. Men ularga, demak, biz ikkinchi Amerika boʻlar ekanmiz-da, deb aytganman. Sababi Amerika ham turli mintaqalardan kelganlar jamoasidan tashkil topgan”, — dedi Mirzayev. 

Guliston shahrida boʻlib oʻtayotgan I Xalqaro investitsiya forumida 200 dan ortiq xorijiy kompaniya rahbarlari ishtirok etmoqda. Ushbu forumda 200 million dollardan ortiq investitsion va eksport shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda viloyatda 11 ta maʼmuriy hudud mavjud: 3 ta shahar va 8 ta tuman. Aholisi koʻp millatli boʻlib, 840 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi.

Gʻofurjon Mirzayev 2016-yil 15-dekabr kuni Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tayinlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?