Sirdaryo simfoniyasi

10:18 25 Sentyabr 2019 Madaniyat
260 0

Sirdaryoning oʻz qoʻshigʻi bor.

Eshitganmisiz!

Tun. Sukunat.Sohil...Suvning notaga tushmas shildir-shildiriga quloq tutganmisiz?

Toʻlqinlar mavjida ham biram oromijon,biram ohanrabo sas borligini bilasizmi?

Bu uzluksiz tabiiy musiqaning ibtidosiuzoq-uzoqlarda, muzliklardan erib tushgan qaysidir tomchining togʻu toshlarga urilganidagi “chak-chak”idan ekanligini-chi?!

... Ammo bilasizki, azim daryo, alp daryoning qadim qoʻshigʻi bugun Sirdaryo kengliklarida – nurli Shirindan chakalakli, toʻqayli Qolgansirgacha, osori atiqali Eski Xovostepadan hali hanuz suvli, viqorli Yogʻochli Sardobagacha baralla taralmoqda, hayotbaxsh ohanglari vohaga yangi-yangi mujdalar keltirmoqda.

Oʻsha xushnud xabarlardan bilasizki, bugun Sirdaryo bir vaqtlardagidek iqtisodiyoti faqat yerga qaragan viloyat emas.Buni endi odatda unga nisbatan aytilib kelingan“agrar viloyat” degan taʼrifning - ham yozma,ham ogʻzaki isteʼmoldan chiqqanidan anglaysiz, shubhasiz.

Ha,endi Sirdaryoning sanoat mundarijasida atigi yagona giganti- issiqlik elektrostansiyasi emas, oʻnlab yirik korxonalar bor.Voha shimolidagi zabardast industrial hudud- Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasining ishlab chiqarish qudrati yil sayin kuchaymoqda, qulochi uzoq-yaqin xorij mamlakatlarigacha keng yozilmoqda. Unda oʻzimizning qumdan tayyorlanayotgan rango rang tusli kafellar koshonalarga poyondoz boʻlmoqda, shisha idishlarning shaqir-shuquri billur finjonlarniki kabi ajib bir sado taratmoqda.Shu yaqin atrofda bir emas, bir necha dori –darmon korxonalaridagi tinimsiz harakat esa viloyatning mamlakat farmatsevtika sanoatining markazlari sirasiga kirayotganidan darak beradi. Va bu soha Prezidentimiz Farmoni asosida berilgan“Sirdaryo farm” erkin iqtisodiy zonasi maqomi ostida tobora jadal rivoj topmoqda.

Bugungi yoshlarga keksa avlodning butun Oʻzbekiston xalqi singari, sirdaryoliklar ham bir vaqtlar 500 ming tonnadan oshiq paxta yetishtirsa-da oddiy chit matosini olish uchun turnaqator navbatda turgani haqidagi hikoyalari ertakdek tuyulishi, tabiiy.

Yoki ehtiyot shart: taqchillik tufayli bobo-buvilarimizning soʻnggi kiyimligim deb sandiq tagiga oq surp tashlab qoʻyganlarini bilishadimi, baxtiyor avlodlarimiz.

Shukrki, endi ular uchun yaqin oʻtmishning mazkur mahzun manzaralari butunlay begona.Negaki, Sirdaryoda ham koʻplab toʻquv-tikuv korxonalari paydo boʻldi.Paxta tolasini tayyor mahsulotga aylantirish koʻrsatkichi yil osha ortib bormoqda. Yengil sanoatniki qatorida yana oʻnlab, yuzlab turli-tuman Sirdaryo mahsulotlari savdoga chiqarilmoqda. Hatto, bir vaqtlar faqat xorijdan keltiriladigan krossovkalar ham oʻzimizda –Gulistonda tayyorlanmoqda.Endi doʻkonlarda avvalgidek, “Importniymi?” oʻrnida “Oʻzimiznikimi?” degan soʻrov ustuvor boʻlmoqda.

Quvonsa arziydi: “Madi in Uzbekistan” yorligʻining dunyo bozoridagi rastalarida Sirdaryoning ham oʻnlab mahsulotlari bor.Hatto Mirzachoʻl qovuni ham allaqachon Yevropa, Osiyo, Amerika dasturxonlariga yetib bordi...

Mirzachoʻl qovuni... Bilamizki, mashhur Samarqand noni boshqa joyda yopilganda hecham oʻz vatani - koʻhna shaharnikichalik boʻlmaydi. Bu haqda ibratli hikoyat ham bor.Shu maʼnoda Mirzachoʻl qovuni hatto Sirdaryoning tuprogʻidan olib borib ekilganda ham,oʻzga yurtda mana shu shurhok, ammo saxovatli zaminimizda pishgandek taʼm bermaydi, kelbati xalq bergan nom “torpedo”dek savlatli boʻlmaydi.

Yuqoridagi fikr toʻqsoninchi yillarda Amerikaning Kaliforniyasida oʻz isbotini topgan. Gap shundaki, buni Mirzaobod tumanilik bir guruh dehqonlar okean ortilik ishbilarmonning taklifi bilan unga qovun yetishtirish agrotexnikasini oʻrgatish uchun oʻsha shtatdagi dalasiga borganda amalda koʻp bora sinab koʻrishgan: “amerikalik” qovunimiz semirib katta boʻlmagan, aslidek rang olmagan,yetarli darajada musavvirona naqsh -toʻr hosil qilmagan,eti shira bogʻlamagan.

Yana ana shu neʼmatimiz eksporti bilan shugʻullanayotgan yurtdoshimiz aytadiki,Yevropada bir vaqtda bir necha davlatlar qovuni savdoda boʻlsa, Oʻzbekistonniki tugamaguncha boshqalarnikining bozori kasod boʻlib turar ekan.Qarangki, oʻsha mashhur “Torpedo” 2019-yilning 23-avgustida Sirdaryo viloyati tarixida ilk bor oʻtkazilganI Xalqaro investitsiya forumining katta sahnasiga ham olib chiqildi- taʼbir joiz boʻlsa, u yirik anjumanda Sirdaryoning fayzu barakasi ramzi sifatida namoyish etildi.

... Sirdaryo toʻlqinlaridan taralgan sadolarning Gulistonning moviy belbogʻi- Doʻstlik kanalida ham takrorlanishidan xabaringiz bormi?

... Lekin, ayni mana shu yirik irrigatsiya tarmogʻining kecha yaqingacha viloyat markazi tuprogʻini sizot suvlar bilan “toʻyintirib” turganidan-chi?

Gʻoʻjgʻon pashsha-yu chivinlarning “gʻungʻir-gʻungʻir”i Sirdaryoning hayotbaxsh qoʻshigʻiga parda tortganidan-chi?

Ayni muammoning qanchalik katta boʻlganligini tasavvur qilish uchun ikkita dalil: gidrolog-mutaxassislarning aytishicha,kanal yiliga 2,5 milliard metr kub suv oʻtkazar ekan. Qarangki, uzani betonlashtirilmagan, atrofidagi ochiq va yopiq kollektorlar turli imoratlar ostida qolgan ana shu ulkan suv inshooti Gulistondan bir necha metr balandlikdan oqib oʻtadi.

Ayonki, bu holat uzoq yillardan buyon shahar yerlarining meliorativ holatiga salbiy taʼsir koʻrsatib kelar edi. Qirgʻogʻi va uning atrofi esa qamishu yantoq, yulgʻun bosgan koʻrimsiz joylar, chivinlar, turli hasharotlar, kalamushu yumronqoziqlar makoni edi.

Shukrki, soʻnggi yillarda “Doʻstlik”kanalining shahardagi uzani beton bilan qoplandi. Mazkur irrigatsiya-melioratsiya tadbirlari eng zamonaviy texnologiyalar asosida bajarildi. Natijada kanaldan suvning sizib oʻtishi butunlay barham topdi. Rekonstruksiyadan soʻng nafaqat sizot suvlar sathi pasaydi, balki kanal sohillari va chor atrofi chiroy ochib odamlarning saylgoh manzillaridan biriga aylandi. Chiroyli fonuslar sohil boʻyini kunduzgidek charogʻon etdi. Holbuki, avval bu yerlardan yurishga kunduzi ham ravon yoʻl topish mushkul edi 

Yana bir jihat,shahardagi mavjud tik drenajlarning deyarli hammasi toʻliq ishga tushirildi.Shunga uygʻun ravishda ular sipqorib olayotgan yerosti suvlarini chiqarib yuborishga xizmat qiladigan quvurlar tizimi ham butunlay yangilandi.Qolaversa, shahar atrofidagi barcha ochiq kollektorlar tozalanib, suvning ravon oqishi taʼminlandi.

- Koʻp yillar quruvchilik kasbida ishlaganman,-deydi Oʻzbekiston Qahramoni Anvar Qurbonov.-Maʼlumki,koʻpqavatli binoning tagzamini uchun kamida ikki metr chuqurlikdagi handaq kavlanadi.Bu ishni bajarishda ham sizot suvlar muammosiga duch kelardik. Nega desangiz, qurilish qilinadigan maydonni sal qazisangiz, tez orada koʻlmak paydo boʻlar edi.Shu bois uni har doim nasos bilan tortib turishga majbur edik.Yaqinda turar –joylar qurayotgan hamkasblarim huzuriga bordim. Handaqlarni kuzatsam, suv tugul, nam ham koʻzga tashlanmaydi. Quruvchilar qunt bilan, oʻz ishlarini hech qanday qiyinchiliksiz, puxta bajarmoqda. Yana avvallari koʻklamda oʻtqazilgan koʻchatimizning barg yozib amal olishidan koʻp ham xursand boʻlavermas edik. Boisi, saratonga kelib, ildizi yerosti suviga yetgach, toʻsatdan qurib qolishi odatiy hol edi. Endi esa aksincha, ekkan niholimiz borki, gurkirab oʻsmoqda.

Anvar akaning gʻisht terib yurgan kezlardagi bir orzusi bor edi, bu ham boʻlsa Gulistonda ham baland imoratlar qurish. Shahar bagʻridan nam qochirilgach, uning bu niyatini amalga oshirish imkoniyati ham yaratildi: viloyat markazida 5-7 qavatli binolar paydo boʻldi. ”Buyuk kelajak”nomli ham boʻydor, ham salobatli shahar ichidagi shaharcha bunyod qilindi.

...Ravil aka asli Sirdaryo farzandi.Ancha yil burun tarixiy Vatani Tataristonga koʻchib ketgan. Yaqinda u Gulistonga keldi. Taqdir taqozosi ekan, kindik qoni tomgan manzilga endi mehmon sifatida tashrif buyurdi.Eski qadrdonlari, qiyomatli qoʻshnilari oʻsha ochiq chehra, oʻsha samimiy mehr-oqibat bilan kutib olishdi.Koʻzlarida sogʻinch yoshlari halqalandi. Koʻngil kengliklarida uzoq vaqtdan buyon yoʻqotgan eng aziz narsasini topganda kechadigan bir yoqimli tuygʻu, taskinni his qildi.Ammo Guliston...

...Ravil aka oʻzi bilgan shaharni tasavvuriga keltirish uchun “Yurt bayrogʻi” maydonidagi oʻrindiqda atrof javoniga uzoq termildi, lekin nigohiga qadalgan bir-biridan koʻrkam manzaralar oldida xotira sandigʻi kalitini topishning iloji boʻlmadi.Endi u bilgan, bolaligi, navqironligini oʻz bagʻriga singdirgan Guliston, xuddi mana shu maydon, ayni viloyatning yuragi boʻlgan manzil tegrasida hovlilarini qamish bosgan pastqam uylari, tor va qorongʻu koʻchalari, meʼmoriy qiyofasi deyarli bir xil boʻlgan kent oʻrnida butunlay boshqa- nomiga yarasha rayhonli, gulzorli, nafosatli, mahobatli, soʻlim va koʻrkam- yangi bir shahar paydo boʻlgandi.Va beixtiyor zabonida “Qoil!” degan eʼtirof takror-takror aylandi.

Ishoning, yangilangan va yanada yangilanayotgan Guliston nafaqat Ravil aka singari uzoq vaqt kelmaganlarni, hatto shu atrofdan ikki –uch oy asnosida shaharga qadam qoʻymaganlarni ham hayratga solmoqda. Chunki u, kun sayin, oy sayin oʻziga zeb bermoqda, chiroy ochmoqda. Mehmonlarni hayronu hayratda qoldiradigan maskanlari koʻpaymoqda. Mubolagʻa emas, qachonlardir tanlash imkoniyati cheklangan shahar ramzi maqomi endi biri biridan goʻzal imoratlaru maydonlar aro talash boʻlmoqda. Ulardan biri hech shubhasiz, meʼmoriy yechimiga oʻzbekona, shoirona ruh baxsh etilgan, havosi rayhonu jambillar, gulu gulzorlar iforiga toʻliq - Alisher Navoiy nomidagi “Bilimdonlar maskani”dir. Bu betakror maskan endi eng yaxshi kunlarimiz, yutuqlarimizni ochiq osmon ostida, elu xalq bilan birgalikda tantana qilishdek tengsiz zavqu shukuhni ato etgan, Gulistonimizning, Sirdaryomizning tashrif qogʻozlaridan biriga aylangan goʻshadir. Unga yondosh teatr, “Yurt bayrogʻi” “Xotira”maydonlari, “Amfiteatr”, yangilangan istirohat bogʻi va undan nari- sohilboʻyi saylgohlari, qoʻsha-qoʻsha musiqali rangdor favvoralar, uzoq-yaqinidagi yangi –yangi binolar, kengayib ravonlashgan koʻchalar bularning bari bugungi Guliston portretidagi eng diltortar chizgilardir.

Sirdaryo ostonasidagi yangilangan, meʼmoriy mohiyatida tarix va bugunni uygʻunlashtirgan “Chehra”da ham takrorlanmas suv taronasi sharshara boʻlib, favvora boʻlib mehmonlarga peshvoz chiqmoqda.Vohaning janubiy sarhadlarida esa Xovos - Xovos siti boʻlib qadim moziyini yangi tarix bilan boyitmoqda.

“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlarining yaratuvchilik epkinlari aholi punktlarigagina emas, har bir xonadonga kirib bormoqda. “Boʻlar ekan-ku” degan soʻzlar tez-tez tilga olinmoqda.Mana shu eʼtirof egalari - sirdaryoliklarning hamjihatligi tobora mustahkamlanmoqda, shu aziz zaminga mehr-muhabbati, obodlik va taraqqiyotga daxldorlik hislari joʻsh urmoqda.

Zero bugun,Prezidentimizning “Sirdaryo namunasi – sadoqat namunasi”degan yuksak bahosiga munosib boʻlish qaysi bir dalada rizq-roʻz yaratayotgan dehqondan to viloyat hokimigacha - har bir sirdaryolikning masʼuliyatli burchiga aylandi.

... Yetmish ikki tomirida oʻzbekning ulugʻ baxshisi Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining qoni joʻshib turgan sirdaryolik shoir Alisher Nur aytadi:

Saharmardon choʻpon-choʻliq uygʻonadi,

Kelinchakning sumbul sochi toʻlgʻonadi.

Alvon gullar qiygʻos-qiygʻos choʻgʻlanadi,

Qirgʻogʻidan toshib daryo sollanadi,

Zilol suvdan ona zamin bollanadi...

...Hofiz boʻlib tor chertadi Sir shamoli,

Kuy sehrida jilolanar qiz jamoli.

Ezgulikka oshuftadir yurt kamoli,

“Ona”, “Vatan”, Alisherning dil kalomi,

Baxt, shodlikka taronadir sheʼr salomi.

... Sirdaryo - Ona daryo –Sirdaryoning farzandi, togʻlar osha, kengliklaru qirlar oralab, necha-necha qishlogʻu shaharlarni ortda qoldirib, yana uzoq manzilga shoshilgan oqimi tegrasida undan bahra olib jadal kamol topayotgan aziz jigarbandi u.

Har qatrasida fayzu baraka mujassam daryo qoʻshigʻidan ilhom olib yaratuvchilik, bunyodkorlik,obodlik, farovonlikni tarannum etuvchi bir ajib tarona yaratayotgan,Sirdaryo ahli bu.

Oʻsha togʻdan tomgan tomchining “Chak-chaki”dan boshlangan bu joʻshqin musiqaning nomi esa “SIRDARYO SIMFONIYASI”dir!

Ahmadali ShERNAZAROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?