Sirdaryo — Qorakoʻl maktab-internati binosi foydalanishga topshirildi

14:32 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
136 0

Endi Sirdaryoda ham Prezidentimiz “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni”ga bagʻishlangan bayram tantanasida yuqori baho bergan Qorakoʻl Xalqaro matematika maktab-internati singari taʼlim maskani bor. Yaʼni joriy oʻquv yilidan faoliyatini boshlagan matematika faniga ixtisoslashtirilgan Sirdaryo –Qorakoʻl maktab–internati oʻsha mashhur taʼlim maskanining Navoiy viloyatidagidan keyingi ikkinchi filiali hisoblanadi.

Avvalo aytish lozimki, oʻqishga qabul uch bosqichli sinovlar asosida amalga oshirildi va eng iqtidorli 240 nafar oʻgʻil-qiz maktab-internatning ilk oʻquvchilar boʻlish baxtiga erishdi. Qabul qilinganlar tarkibida viloyat maktablari qatori Toshkent shahri va respublikamizning turli hududlaridan kelgan bolalar ham borligi eʼtiborga molik.

Ayni chogʻda oʻqituvchilarni tanlash ham qatʼiy talablar asosida oʻtkazildi va natijada, xorazmlik iqtidorli muallim ham shu taʼlim maskanida ishlash huquqiga ega boʻldi.Bir ish oʻrni uchun 38 nafargacha nomzod sinovlarda ishtirok etdi. Eʼtiborlisi, pedagoglar jamoasiga Qorakoʻl maktabining 12 nafar oʻqituvchisi ham kirishga muvaffaq boʻldi.

-Taʼlim ikki- texnika va iqtisod yoʻnalishlarida olib borilayotir,- deydi maktab-internat direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Zuhra Qobulova.-Deylik, texnika yoʻnalishida matematika va fizika fanlari koʻproq oʻqitilsa, iqtisodda matematika hamda ingliz tili darslarining oʻrni katta. Shuningdek, matematika, fizika, ingliz tili, ona tili, kimyo-biologiya fanlari boʻyicha bepul toʻgaraklar ham tashkil qilingan.

Fizika fani oʻqituvchisi Oʻlmasjon Rahmonov Qorakoʻldan. U ham hamma qatori sinovlarni topshirib, shu maktab-internatda taʼlim berish imkoniyatiga ega boʻlganlardan. Oʻlmasjonning aytishicha, fizika darslari anʼanaviy maktabnikiga nisbatan ikki baravardan koʻp oʻtiladi, yana chuqurlashtirilgan toʻgarak soatlari ham bor. Yana bir jihat, bitta sinf ikkiga boʻlib , yaʼni 30 oʻquvchi 15 nafardan guruhda oʻqitiladi.

-Mazkur zamonaviy maktab-internat uzogʻi bilan 2-3 yilda oʻz natijasini beradi, -deydi Qorakoʻl xalqaro matematika maktab-internati direktori Temir Roʻziyev.- Buning uchun taʼlim dargohida barcha imkoniyatlar yetarli.Qolaversa, Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi jamoasi ushbu yangi oʻquv maskani bilan doimiy hamkorlikda boʻladi.

Kuni kecha Guliston tumanida mazkur maktab-internatning yangi binosi foydalanishga topshirildi. Maktab -internat majmuasi qisqa muddatda, meʼmoriy mazmun-mohiyati jihatidan zamonaviy taʼlim talablari darajasida qurildi.

Binoning ochilish tantanasida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev ishtirok etdi.

Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?