Sinovli kunlarning muhim saboqlari

12:36 03 Avgust 2020 Siyosat
434 0

Bugungi sinovli kunlar kattayu kichikka birday zalvorli xulosalar bilan bir qatorda qimmatli saboqlar berib ham ulgurdi. Hammamiz ham ikki ulugʻ neʼmat – salomatlik hamda xotirjamlikning qadrini yurak-yurakdan his etdik. Avvallari sogʻligʻiga birmuncha beparvo boʻlganlar endi har on oʻzini kuzatadigan, salomatligini taftish va tahlil qiladigan kishilarga aylanishdi. Umuman olganda, koronavirus pandemiyasi nafaqat insonlar dunyoqarashini, balki butun dunyo iqtisodiyoti, sanoati, turmush tarzini oʻzgartirgani ayni haqiqat. Dunyoda qariyb 18 million odamni oʻz domiga tortgan, 650 mingdan ortiq insonni umriga zavol boʻlgan, hamon xurujdan toʻxtamayotgan virus oldida bir dam xotirjamlikka, befarqlikka berilish yirik salbiy oqibatlarni, yoʻqotishlarni keltirib chiqarishining ham guvohi boʻldik.

Ayniqsa, iyul oyining ilk kunlaridan Toshkent shahri va viloyatida aholimiz orasida kasallanish holatining keskin koʻpayib ketishi natijasida sogʻliqni saqlash muassasalariga boʻlgan bosim bir necha barobar ortib ketdi. Yangi kasallanganlar uchun koykalar taqchilligi, test topshirishning murakkablashishi, tibbiyot xodimlarining yetishmasligi holatlari kuzatildi. Afsuski, oʻlim koʻrsatkichlari ham sezilarli ravishda ortdi. Bu esa kasallikka qarshi kurashda shifokorlar va sanitariya-osoyishtalik markazi xodimlarining ish sifati va samaradorligiga salbiy taʼsir oʻtkazmasdan qolmadi. Tabiiyki, bu kunlarda aholimizning mavjud vaziyatdan noroziligi haqli ravishda ortdi. Bizga ham bu borada saylovchilarimiz, faollarimizdan murojaatlar soni keskin oshdi.

Koʻpgina hudud rahbarlari va soha mutasaddilari vaziyat tizginini qoʻldan chiqarib yuborgan ayni murakkab sharoitda Prezidentimizning siyosiy irodalari bilan qabul qilingan bir necha qarorlari aholimiz qalbida umid uchqunlarini qaytadan olovlantirdi.

Oʻz vaqtida berilgan qatʼiy topshiriqlar ijrosi taʼminlanishi natijasida tezkorlik bilan qator masalalar yechildi. Jumladan, kasallanganlar uchun shifoxona topish muammo boʻlayotgani, joy yoʻqligi sababli bemorning u yerdan bu yerga sarson qilish kabi holatlarni bartaraf etish maqsadida qariyb 50 mingta qoʻshimcha oʻrinlar tashkil etildi. Tez yordam xizmatiga yangi 400 ta xizmat mashinasi xarid qilindi va qoʻngʻiroqlarga 10 soniya ichida javob beradigan tizim ishga tushirildi. Shu bilan birga koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi tubdan yangilandi. Har bir hududda zaruriy dori vositalarining 3 oylik zaxiralari yaratildi, kasallikning yengil formasidagi uyda davolanayotganlarga bepul dori vositalari bilan taʼminlash maqsadida 50 mingta toʻplam shakllantirildi, aholiga xizmat koʻrsatuvchi tezkor guruhlar soni oshirildi.

Bundan tashqari zaruriy tibbiy vositalar va texnikalar olib kirish uchun tezkorlik bilan bir qator bojxona imtiyozlari joriy etildi. Buning natijasida yaqinda Xitoy davlatidan 1300 ta kislorod konsentratori, 20 ta PZR sinov apparati va dori-darmon vositalari olib kelindi. Qoʻshimcha ravishda 14 mingta vrach va hamshiralar ishga jalb qilindi. Ularning fidokorona mehnatlarini oʻz vaqtida va munosib ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Aynan shu omil, yaʼni Prezident Farmoni bilan koʻrinmas yovga qarshi kurashayotgan 260 ga yaqin zamonamiz qahramonlariga davlat mukofotlari berilgani soha fidoyilarining kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshgani ham bor gap. Partiyamiz elektoratining asosiy qismini tashkil etuvchi shifokorlar davlat rahbarining shaxsan oʻzlari tomonidan mehnatlari eʼtirof etilib, qadr topayotganidan mamnun ekanliklarini maʼlum qilishmoqda.

Bajarilgan ishlarni tahlil qilar ekanmiz Prezidentimiz tomonidan har bir fuqaroning sogʻligʻi diqqat markazida ekanligi, shu kungacha sodir boʻlgan 110 dan ortiq oʻlim holatini qalbda ogʻriq bilan qabul qilinayotganini payqash qiyin emas. Axir mutasaddilar bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishlarda davlatimiz yetakchisi «Pandemiyaga qarshi kurashish har birimizning vijdon ishimiz», “Har bir rahbar bugungi kunda fuqarolarimizning sogʻligʻini saqlab qolishdan muhim vazifasi yoʻqligini anglashi shart” deya bejiz taʼkidlamadilar.

Albatta, koʻrilgan choralarni yetarli, kasallikdan tuzalganlar soni 10 000 nafardan oshdi deb xotirjamlikka berilib boʻlmaydi. Mamlakatimizda kasallanish holati kunlik koʻrsatkichi 500 tadan ortayotgan bugungi kunlarda iyul oyi tajribasidan kelib chiqqan holda mutasaddilar va soha mutaxassislari har qanday xavf-xatarga tayyor turishlari lozim. Zero, oʻta xavfli, makkor va shafqatsiz dardning jilovini mahkam tutish oson ish emas. Shu bois, karantin talablari 15-avgustgacha kuchaytirilishiga qaramasdan, agar mutasaddi tashkilotlar tomonidan uning ijrosi qatʼiy nazoratga olinmas ekan, muammolar mavjudligicha qolaveradi.

Shuni taassuf bilan qayd etamizki, oʻtgan davr mobaynida joylardagi masʼullar xususan, sektor rahbarlari tomonidan ushbu jarayonlarga panja ortidan qarash holatlari kuzatildi. Goʻyoki bu muammo faqat sogʻliqni saqlash vakillariga tegishli. Shu fikrda hududlardagi shifoxonalarga tashrif buyurmagan, bemorlar uchun sharoitlar bilan tanishmagan, ularning dori-darmon, zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanganligi, oʻz sektorida nechta kasal aniqlangani, nechtasi uyda davolanayotgani bilan umuman qiziqib koʻrmagan rahbarlar ham borligi achchiq haqiqat.

Sogʻliqni saqlash vazirligi oldida ham yechilishi lozim boʻlgan muammolar yetarlicha. Ayniqsa, uyda davolanayotgan bemorlarni davolash, kasallik xavfi bor chaqiriqlarga maxsus guruhni joʻnatish masalasi barcha hududlarda ham toʻliq yechimini topgan deya olmaymiz. Buni bartaraf etish uchun kadrlar tanqisligini mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solgan holda bartaraf etish, har bir fidoyi xodimni koʻzda tutilgan moddiy ragʻbatlantirishlar bilan toʻliq taʼminlash lozim. Shu bilan birga bu jarayonlarga korrupsiya holati aralashishiga yoʻl qoʻymaydigan shaffof tizim yaratishi lozim.

Oʻylaymizki, yurtimizda kechgan va kechayotgan voqeliklardan har kim oʻziga tegishli saboqni chiqardi. Endigi vazifa esa xulosalarini hayotga tatbiq etish, xatolarni takrorlamaslikdir. Bundan buyogʻiga qilingan har bir xato qimmatga tushishi tabiiy. Zero, oʻrtada mamlakatning eng katta boyligi boʻlgan Inson salomatligi va taqdiri masalasi turibdi.

Iyul oyida yana bir masala kun tartibiga chiqdi – bu dorixonalarni dori-darmonlar bilan taʼminlash va ularning narxi masalasi. Yurt boshiga kulfat tushib, har bir daqiqa, har bir darmon ahamiyatli boʻlgan bir davrda vaziyatdan foydalanib qolishni istagan ayrim nafs bandalari dorixonalarda maʼlum vaqtga zaruriy dorilar taqchilligini yuzaga keltirishdi va ularning noqonuniy sotuvi orqali moʻmay daromadga ega boʻlishni koʻzlashdi. Bu esa mazkur sohalarga ham raqamli texnologiyalarni tezroq joriy etish lozimligini yana bir bor koʻrsatib berdi. Ushbu muammo saylovchilarimiz tomonidan ham eng koʻp koʻtariladigan masala hisoblanadi. Shu boisdan tegishli mutasaddilar bilan hamkorlikda dori-darmonlarning noqonuniy aylanmasining oldini olish, ularning shifokor retseptisiz sotilishini cheklash, reklamalarini, narx-navosini tartibga solish maqsadida partiya loyihasi, yoʻl xaritasi ishlab chiqildi. Hozirda uni amalga oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Dori vositalarining yagona elektron bazasini shakllantirish boʻyicha sayʼ-harakatlarni boshlab yubordik. Ushbu yagona bazada Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan barcha dori vositalarning nomi, narxi, ishlab chiqaruvchisi va savdoga chiqaruvchisi, yaroqlilik muddati, chet eldan keltirilgan dori vositalari uchun esa qoʻshimcha ravishda import qiluvchining maʼlumotlarini koʻrsatadigan elektron tizim tatbiq qilinadi. Shu bilan birga dori vositalarining maxsus kodi orqali ularning ishlab chiqarilgani yoki import qilingan kunidan boshlab necha marotaba qoʻldan-qoʻlga oʻtgani, kimlar ishlab chiqargani hamda chetdan keltirgani haqidagi maʼlumotlar ham joylashgan boʻladi. Bu koʻrinishdagi maʼlumotlar esa dori vositalarining legal ravishda sotuvga chiqarilganini koʻrish imkonini beradi. Bu tizim, shubhasiz, dori vositalarining narxini barqarorlashtirish va sifatini taʼminlash imkoniyatini yaratadi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, koʻzga koʻrinmas virus shaklidagi qattol dushmanni mahv etish uchun davlat rahbari boshchiligida hukumat tomonidan sezilarli jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Endi bu borada davlatni qatʼiy qoʻllab-quvvatlash navbati sizu bizga, xalqimizga keldi. Bejizga elimizda “Qars ikki qoʻldan chiqadi” degan naql vujudga kelmagan. Koronavirusga qarshi kurashayotgan 140 mingdan ortiq shifokor mehnati bilan har bir insonning tibbiy madaniyati oʻzaro hamkorlikda, mushtarak boʻlsa, har qanday xastalikni yengish mumkin. Afsuski, ayrim bemorlar notoʻgʻri, oʻzbilarmonlik bilan qilingan muolajalar ortidan ogʻir ahvolga tushib qolmoqdalar. Bu esa tibbiyotchilar ishini oʻn karra qiyinlashtirmoqda, boz ustiga davo sari olib boruvchi yoʻlda ham chigallikni vujudga keltirmoqda. Shu boisdan xalqimizda tibbiy madaniyatni oshirib, oʻz sogʻliqlariga nisbatan eʼtiborni kuchaytirish masalasi asosiy oʻringa chiqishi lozim. Bundan tashqari karantin qoidalariga ogʻishmasdan rioya etish ham ijobiy natijani kafolatlaydi.

Shu oʻrinda xalq vakillarining ham xizmatini taʼkidlab oʻtish joiz. Partiyamiz va deputatlarimiz tomonidan vaqtincha daromadsiz qolgan, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati boʻyicha kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalarning 15 220 nafariga zaruriy oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlari yetkazib berildi. Koʻrsatilgan homiylik jami 1 milliard 500 mln. soʻmni tashkil qildi. Shuningdek, mart-aprel oylarida partiya deputatlari va xodimlarining bir kunlik ish haqlari “Mehr-shafqat va salomatlik" jamoat fondiga oʻtkazib berildi.

Partiyadan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda mahalliy Kengash deputatlari hududlardagi tibbiyot muassasalari, bozorlar, dorixonalarda boʻlib, joylarda pandemiya talablarining bajarilish holatlarini oʻrganishdi.

Bundan buyon ham joylarda qaror va farmonlar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini oʻrnatish, ularning har bir hudud boʻyicha ijro etilishi boʻyicha toʻliq nazoratga olish ishlari davom ettiriladi. Shu bilan birga aholi fikrini oʻrganish, dardga yengilmasdan karantin sharoitida mehnat qilish va daromad topish yoʻllarini rivojlantirish parlament va mahalliy kengashlardagi deputatlarimizdan yangi tashabbuslarni talab etadi. Albatta, siyosiy partiyalar ham jamiyatdagi yetuk kuch sifatida barcha imkoniyatlarni toʻliq ishga solsa, maqsadlarimiz oʻz roʻyobini topadi.

Eʼtirof etish lozim, soʻnggi kunlarda koʻrilgan choralar tufayli aholimizning kayfiyati ijobiy tarafga oʻzgardi, davlatga, shifokorlarga ishonchi qaytdi, ammo buni yetarli deya olmaymiz. Hali oldimizda qilinadigan ishlar bisyor. Buning uchun har birimiz belgilangan vazifalarga vijdonan yondashib, birlashishimiz, zalvorli bir mushtga aylanishimiz lozim. Xalqimiz azaldan ahillik, hamjihatlik, oʻzaro gʻamxoʻrlik borasida nom qozongan. Bu sinovni ham birgalikda yengib, yorugʻ yuz bilan chiqishimizga ishonchimiz komil. Bu murakkab jarayonda bebaho boyligimiz – sogʻligʻimizni muhofazalash barcha muvaffaqiyatlarning avvali. Hamkorlikni toʻgʻri belgilab olish, bu borada har kim oʻz burch va masʼuliyatini unutmasligi esa ishimizni yana-da osonlashtiradi. Farovon kunlar yaqin, unga qisqa muddatda olib boruvchi yoʻlni esa oʻzimiz yaratamiz.

Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Cpikeri oʻrinbosari,

“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?