Singapurning mashhur brendi Sirdaryoda paxta klasteri tashkil etmoqchi

15:47 05 Iyun 2018 Iqtisodiyot
467 0

Singapurning mashhur kompaniyasi Indorama Sirdaryoda paxta klasteri tashkil etmoqchi. Bu haqda kompaniya vakili Dipak Reynaning Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev bilan o‘tkazgan muloqotida ma’lum qilindi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”muxbiri Ahmadali Shernazarov.

Dastlabki kelishuvga binoan, viloyatning Oqoltin va Sardoba tumanlaridan 30 ming gektar yer xorijiy investorlar tomonidan tashkil etiladigan klaster korxonasi ixtiyoriga berilishi kutilmoqda. Ushbu loyihaga 55 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvdan so‘ng kompaniya vakili Oqoltin, Sardoba tumanlarida hamda “Sardoba” paxta tozalash zavodiga tashrif buyurdi.

Ma’lumot uchun, “Indorama” nafaqat Osiyo, balki boshqa qit’alarda ham taniqli kompaniyalardan biri hisoblanadi. Hozirda mazkur brend tomonidan ishlab chiqariladigan poliester, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik mahsulotlari mijozlar orasida e’tirof qozongan. Ayni chog‘da u bir martalik sintetik qo‘lqop ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniya hisoblanadi. Mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari G‘arbiy va Markaziy Afrika mintaqalarida ham yo‘lga qo‘yilgan.

E’tiborlisi, bugungi kunda mazkur kompaniya bilan hamkorlikda mamlakatimizda“Indorama Kokand tekstil” qo‘shma korxonasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?