Singapur kompaniyasi Namanganda yiliga 60 tonna krevetka va 1200 tonna baliq yetkazib beradigan klaster barpo etadi

17:33 09 Mart 2020 Iqtisodiyot
528 0

Namangan viloyati hokimligida Singapurning “OnePetra Holdings Pte Ltd” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Dennis Louk bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Indoneziya kompaniyasi bilan umumiy qiymati 110 million AQSH dollarlik 3 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Xabarda keltirilishicha, loyihalar toʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga amalga oshiriladi.

Kelishuvga koʻra, Singapur kompaniyasi viloyatda 25 gektar maydonda kunlik 1 million dona tuxum yetishtirish quvvatiga ega 16 million dollarlik va 20 gektarda maydonda kunlik 1 million dona bedana tuxumi yetishtirish quvvatiga ega 16 million dollarlik parrandachilik fermalarini tashkil qiladi. 8 million dollar hisobiga esa 5 gektar maydonda barpo etiladigan bu ikki ferma mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi ishga tushiriladi.

Shuningdek, 50 gektar maydonda yillik 60 tonna krevetka hamda 1 ming 200 tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega boʻlgan qiymati 35 million dollarlik baliqchilik klasteri ham barpo etiladi.

“OnePetra Holdings Pte Ltd” kompaniyasi tomonidan Namangan viloyatida qiymati 40 million dollar boʻlgan kunlik ming tonna oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash hisobiga 500 tonna organik oʻgʻit hamda baliqlar uchun yem mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona qurish loyihasi ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan, deyiladi hokimlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?