“Silk Road Bazar” festivalida 700 million soʻmdan ortiq hunarmandchilik va oziq-ovqat mahsulotlari sotildi

12:01 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
175 0

Sentyabr oyining soʻngida Samarqandda Xalqaro turizm kuniga bagʻishlangan II “Silk Road Bazar” festivali boʻlib oʻtdi. Tadbir Samarqand viloyati va shahar hokimligi, Madaniyat vazirligi boʻlimi, Turizmni rivojlantirish departamenti, Hunarmandlar uyushmasi, Xalq taʼlimi boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tashkil etildi. 

Bu yilgi festivalda mamlakatimizning turli hududlaridan 80 dan ortiq hunarmand ishtirok etdi. Festivalga tashrif buyuradigan mehmon va ishtirokchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida bu yilgi festival boʻladigan hududga 20dan ortiq ovqatlanish markazlari vakillari jalb qilindi. Festivalning badiiy qismiga toʻxtaladigan boʻlsak, bu yil 60 dan ortiq sanʼatkor va filarmoniya jamoalari, shuningdek, oʻnlab bolalar guruhlari oʻzlarining ajoyib konsert dasturlari bilan qatnashishdi. Samarqand shahrida ikkinchi bor tashkil etilgan “ Silk Road Bazar” festivali uchun bitta asosiy va ikkita qoʻshimcha sahna bezatildi, festivalga yanda koʻtarinki ruh bagʻishlash uchun musiqiy shoular ham namoyish etildi. 

Shu bilan birga, ushbu tadbirning jozibadorligini yanda oshirish maqsadida festival boʻlib oʻtayotgan pavilyonlar ikkita katta LED-ekran orqali real vaqtda sodir boʻlgan voqealarni translyatsiya qildi. Shuningdek, Xalqaro turizm kunini Samarqand shahrida munosib nishonlash maqsadida xohlovchilar uchun havo shari (aerostat)da uchish imkoniyati yaratildi. Konsertdan keyin Registon maydonida shahar aholisi va mehmonlari uchun 3D-lazer shou ham namoyish etildi. Statistik maʼlumotlarga toʻxtaladigan boʻlsak, ikki kun davomida festivalga 3000 dan ortiq chet ellik sayyoh, boshqa hududlardan Samarqand shahriga 55 mingga yaqin mehmon va mahalliy aholi tashrif buyurdi. Taʼkidlash joizki, festival davomida 700 million soʻmdan ortiq hunarmandchilik va oziq-ovqat mahsulotlari sotildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?