Shu yilning oʻtgan davri davomida prokuratura organlari xodimlariga pora taklif qilgan 30 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan

11:12 28 Avgust 2018 Jamiyat
257 0
Illyustrativ foto

Jamiyatni tanazzulga olib keladigan illatlardan biri, bu — poraxoʻrlikdir. Soʻnggi yillarda yurtimizda unga qarshi kurashish, oldini olish maqsadida zarur chora-tadbirlar koʻrilyapti. Korrupsiyaning oqibatlari xususida OAVda chiqishlar qilinib, uchrashuvlarda bot-bot soʻz yuritilmoqda. Ammo ayrim “nafsi hakalak otgan” kishilar bu boradagi targʻibot-tashviqot, tushuntirish ishlaridan tegishli xulosa chiqarmayotgani achinarlidir.

Masalaning yana bir tomoni borki, bunda faqat pora olish emas, balki pora berish ham jinoyat ekanligini unutmaslik lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida har ikki holatga ham jazo tayinlangani buning yaqqol tasdigʻidir.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi maʼlumotlariga koʻra, shu yilning oʻtgan davri davomida prokuratura organlari xodimlariga pora taklif qilgan 30 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Ulardan 3 martasida bevosita prokuratura boʻlinmalariga, 6 holatda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlariga, 21 holatda esa Majburiy ijro byurosi vakillariga pora taklif qilingan. Bu poralarning aynan qonun himoyachilariga ¬taklif etilganini qanday izohlash mumkin?

Bir misol: joriy yilning 11 iyunida Toshkent viloyati, Oʻrta Chirchiq tumani, Tutzor mahallasida yashovchi Alimardon Xalqulov departamentning Mirobod tumani boʻlimi inspektori Mars Sultonovga 500 AQSH dollari berishni taklif qiladi. Gap shundaki, Mirobod tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining sanitariya vrachi D. Aymatov “Mirobod dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Fargʻona shoxobchasida ruxsat berilmagan joyda, gigiyena qoidalariga zid ravishda faoliyat koʻrsatayotganligini vaj qilib, bir yurtdoshidan pora olgan, oʻtkazilgan tezkor tadbirda u ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushgan. 500 dollarlik pora esa aynan oʻzi pora bilan qoʻlga tushgan Aymatovning aybini yengillatish uchun taklif qilingan edi. Bir jinoyat ikkinchisini boshlab keladi, boshqacha aytganda, poraxoʻr oʻrtaga odam qoʻyib, pora bermoqchi boʻladi.

Bundan tashqari, departament xodimlari Qoʻqon shahar veterinariya boʻlimida tekshiruv oʻtkazganida u yerda koʻplab qonun buzilishi holatlari aniqlanadi. Bundan sarosimaga tushgan boʻlim rahbari Ikromjon Esanboyev kamchiliklarini yashirish uchun departament xodimlariga pora taklif qiladi. Joriy yilning 23 iyun kuni departamentning Qoʻqon shahar boʻlimi binosida Ikromjon Esanboyev 1 million soʻm pulni pora tariqasida berayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi.

Shu yilning aprel oyida esa “Namangan don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy xoʻjalik faoliyati yuzasidan oʻtkazilgan hujjatli taftishda korxonadagi qurilish-taʼmirlash ishlarida qator qallobliklar fosh etiladi.

Aniqroq aytganda, aksiyadorlik jamiyatida umumiy miqdori 12,2 million soʻmlik bajarilmagan qurilish ishlari “bajarildi”, deya qoʻshib yozilgani ayon boʻladi. Qurilish-taʼmirlash ishlari esa Namangandagi “Hamkor agroqurilishservis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan edi.

Tekshiruv natijasida yetkazilgan 12,2 million soʻmlik zararni toʻlash soʻralgan. Shunda qurilish korxonasi rahbari Ergash Mamajonov jinoiy javobgarlikka tortilmaslik hamda jinoyat ishining unga nisbatan boʻlgan qismini tugatib, sudga chiqarmaslik evaziga 300 AQSH dollarini pora tariqasida berishni taklif qiladi. Talvasaga tushgan pora beruvchi ham jinoyat ustida, yaʼni pulni tergovchi X. Umrzoqovning xizmat stoli ustidagi kitobga solib qoʻygan vaqtda ushlandi.

Majburiy ijro byurosi xodimiga berilmoqchi boʻlgan pora haqida ham toʻxtalib oʻtsak. Qashqadaryo viloyatining oʻuzor tumanidagi Sovligʻar qishlogʻida yashovchi Toshtemir Rustamov oʻgʻlining uyida elektr energiyasi tarmogʻiga noqonuniy ulanib, foydalanayotganligi yuzasidan tuzilgan dalolatnoma boʻyicha belgilanadigan maʼmuriy jarima miqdorini kamaytirib berish evaziga byuroning tuman boʻlimi surishtiruvchisi Jahongir Nafasovga 1,5 million soʻm pora taklif etadi. Bu holatda ham pora beruvchining nojoʻya harakati rasmiylashtiriladi hamda tegishli jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi.

Ushbu misollar aniqlangan kamchiliklarni pora orqali “yopdi-yopdi” qilib boʻlmasligini, yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish uchun qonuniy choralarga tayanish zarurligini koʻrsatadi. Zero, bugun davr ham, talab ham oʻzgardi. Shunga mos faoliyat yuritish, korrupsiyaning kelib chiqishiga sharoit yaratib bermaslik barchaning burchidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?