Sh.Shermatov: “6 mingdan ortiq pedagog xodimlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiskadan oʻta olmay yillar davomida qiynalib kelishardi“

09:52 24 Aprel 2020 Jamiyat
250 0

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Prezident tomonidan shu yil 22-aprel kuni eʼlon qilingan “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Farmoni ahamiyati haqida fikr bildirdi.
“6 mingdan ortiq pedagog xodimlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiskadan oʻta olmay yillar davomida qiynalib kelishardi. Ushbu Farmon ularning oilalariga xursandchilik olib kelishi aniq — dedi vazir. — Toʻgʻrisi, oʻzim Toshkentda tugʻilib oʻsganim uchun propiska degan masalaga avval unchalik eʼtibor qilmasdim. Lekin, Xalq taʼlimi vazirligiga oʻtgandan keyin propiska boʻyicha yuzlab murojaatlarni koʻrib, biroq rahbar sifatida ularga yordam bera olmaslikni boshdan oʻtkazgandan keyin, bu masala ushbu soha xodimlari uchun qanchalik zarur ekanini his qilishga toʻgʻri kelgan edi.

Maktablardagi oyliklar yillar davomida past boʻlgani sababli toshkentliklar orasida maktabga ishga kirib ishlashni xohlovchilar ham unchalik koʻp boʻlmagan. Bunday sharoitda ishlash uchun esa koʻpgina maktablar boshqa hududlardan kelgan xodimlarnigina ishga taklif qila olgan.

Lekin shu ogʻir mehnatiga qaramay, propiska degan rasmiyatchilikni deb, ular oʻz uyi boʻlsa ham unga qonuniy egalik qila olmagan. Mana, Prezidentimizning ushbu Farmonlari bilan barcha davlat tashkilotlarida 5 yil ishlab kelgan xodimlar uchun propiska muammosi hal boʻldi. Shuning uchun bu Farmondan son jihatdan eng koʻp xursand boʻlganlar aynan xalq taʼlimi sohasidagilar boʻlsa kerak deb oʻylayman".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?