Shpargalka sotgan o‘qituvchilar qamoqqa olindi

16:59 08 Avgust 2018 Dunyo
965 0
Illyustrativ foto

Imtihon varaqalarini sotishda ayblangan bir senegallik o‘qituvchi besh yilga ozodlikdan mahrum etildi, yana biri 32 ming AQSH dollari miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda “Bi-bi-si” manbasi xabar berdi.

Senegalda o‘tgan yili imtihon savollari varaqalari ijtimoiy tarmoqlar va WhatsApp orqali tarqalib ketgandan so‘ng bakalavrlarga mo‘ljallangan fransuz va ingliz tili, tarix hamda geografiya bo‘yicha imtihonlar bekor qilingan, test to‘plamlari esa tashlab yuborilgan edi.

Varaqalarni tarqatish aybi bilan bir qancha o‘qituvchi va o‘nlab talabalar javobgarlikka tortilgan.

Aybdorlar uchun belgilangan asosiy jazolar o‘rtacha ikki-uch oydan ikki yilga qadar ozodlikdan mahrum qilinishdan iborat.

Senegal poytaxti Dakardagi Kahon Litseyi direktori imtihon varaqalarini sotganligini tan olgan, lekin u bu ishga pul uchun qo‘l urmaganini ta’kidlagan.

“Men bakalavr darajasini olishda qiynalayotgan bir insonga yordam berishni istagan edim”, - degan direktor Mamadu Jibril Diya suddagi ko‘rsatmasida.

“U qiz imtihonlarda ikki marta yiqilgandan so‘ng mendan yordam so‘radi… Agar men bu yo‘l bilan pul ishlashni maqsad qilganimda varaqalarni boy odamlarga sotgan bo‘lardim”.

Janob Diya besh yilga ozodlikdan mahrum etilish bilan birga 886 dollar miqdoridagi jarimaga ham tortilgan.

“O‘qituvchilar uchun saboq”

Shuningdek, kamida ikki o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari “jinoiy til biriktirish, firibgarlik va firibgarlik yo‘li bilan nojoiz materiallarni qo‘lga kiritish”da ayblanib, jazoga tortilgan.

Eng og‘ir jazo Yalla Suren Litseyining fransuz tili o‘qituvchisi Abdulay Ndur boshiga tushgan. A.Ndur ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan va 32 ming dollar miqdorida jarima to‘lashga ham majbur etilgan.

Sudda Ndur imtihon varaqalarini sotishdan kelib tushgan 12 ming dollar miqdoridagi mablag‘ni o‘zining bank hisob raqamiga o‘tkazganligiga dalillar keltirilgan.

Jami 32 nafar talaba imtihon varaqalarini sotish yo‘lida o‘qituvchilarga yordam berganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan. So‘ng ularga olti oydan ikki yilga qadar bo‘lgan turli jazo muddatlari belgilangan.

“Biz bu firibgarlik ko‘lamidan hayratga tushdik”, - deydi Senegaldagi O‘rta va yuqori maktab o‘qituvchilari milliy ittifoqidan Sauru Sene.

“O‘qilgan sud hukmlari qolgan o‘qituvchilar uchun saboq bo‘lishi lozim”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?