Bosh vazir o‘rinbosari o‘zbek gazini Rossiyaga yetkazib berish masalasini muhokama qildi

17:59 09 Iyul 2018 Iqtisodiyot
716 0
Foto: «Gazprom»

Sankt-Peterburgda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari “O‘zbekneftegaz” AJ boshqaruv kengashi raisi Alisher Sultonov va “Gazprom” rahbari Aleksey Miller o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Xalq so‘zi Online”ga ma’lum qildi.

“Tomonlar ikki taraflama hamkorlikning borishini, jumladan ikki tomonning qo‘shma loyihasi asosida Shoxpaxta gaz konida amalga oshirilayotgan ishlarni ham muhokama qildi. Uchrashuvda shuningdek, “Gazprom” tomonidan o‘zbek gazini sotib olish sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi”, – deyiladi kompaniya taqdim etgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda “Gazprom” va “O‘zbekneftegaz” o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangandi. 2018 yilning may oyida esa “Gazprom” va “O‘zbekneftegaz” Shoxpaxta konini o‘zlashtirish bo‘yicha mahsulotni taqsimlashga doir qo‘shimcha shartnomani imzolagandi.

Kelishuv 2024 yilga qadar avvalgi tijoriy sharoitlarda gaz qazishni davom ettirishni ko‘zda tutadi.

Ma’lumot uchun, Shoxpaxta – 1962 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani hududidagi Ustyurt platosining janubi-sharqiy qismida ochilgan gaz koni. Shoxpaxta koni rekonstruksiyasi va qazish ishlari 2004 yilda 15 yillik muddatga imzolangan mahsulot taqsimlash to‘g‘risidagi bitim shartlariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Qayd etib o‘tish joiz, 2017 yilda “Gazprom” O‘zbekistondan sotib olgan gaz sotib olish hajmi 5,5 mlrd kubometrni tashkil qilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?