Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Marg‘ilondagi mehribonlik uyining sobiq direktori va xodimlariga hukm chiqarildi

12:00 07 Avgust 2018 Jamiyat
800 0

Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida sodir etilgan jinoyat ishi yuzasidan sud o‘z hukmini chiqardi. Aybdorlar o‘z qilmishiga yarasha jazo oldi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Mazkur jinoyat ishida sudlanuvchilar mansab sovuqqonligi, mansab harakatsizligi, juda ko‘p miqdordagi davlat byudjeti mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish, voyaga yetmaganlarni qiynash, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, hatto jinsiy aloqada bo‘lish shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.

Sobiq direktor K.Yakubovga nisbatan Jinoyat kodeksi (JK)ning 207–moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 115-moddasi (shaxsning homilasini majburiy ravishda sun’iy tushirish) bo‘yicha, shuningdek, direktor o‘rinbosari S.Usmonov, bosh hisobchi A.Mo‘ydinova, hisobchi A.Saidkamolova, feldsher I.Yo‘ldoshev, tarbiyachilar X.Yakubova, R.Abdufattoyev, N.Soliyeva, enagalar D.Jo‘raboyeva, X.To‘rayevaga nisbatan ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov hukmi chiqarildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudida sudya R.Arabov raisligida mazkur jinoyat ishi xolislik va adolat mezonlari asosida ko‘rib chiqildi.

Marg‘ilon shahar 1-Mehribonlik uyi direktori Kamol Yakubov mansabiga sovuqqonlik bilan qaragan, o‘z vazifasiga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgan, muassasa ishini, muassasa tarbiyalanuvchilarini ma’naviy sog‘lom va jismonan barkamol etib tarbiyalash borasidagi faoliyatini izdan chiqarib yuborgan, tarbiyalanuvchilarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari hamda davlat manfaatiga jiddiy ziyon yetishiga sababchi bo‘lgan.

Sobirjon Usmonov ham Mehribonlik uyi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab o‘z vazifasi yuzasidan bajarishi shart bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmasdan, ushbu harakatsizlikni jinoyatga yo‘l qo‘ygan holda sodir etgan.

Oqibatda muassasa tarbiyachilari Xurshida Yakubova va Nargiza Soliyevalar hamda enagalar Xanifa To‘rayeva, Dildora Juraboyevalar mehnat faoliyati davomida Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan, voyaga yetmagan, maktabgacha yoshdagi (3-7 yosh) bolalarni muttasil ravishda urib-do‘pposlash, ularga rahmsiz muomala qilish, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish va boshqa harakatlar bilan qiynab kelganlar. Shu kabi jinoyatlarni tarbiyachi Ravshan Abdufattoyev va feldsher Ixtiyor Yo‘ldoshevlar ham sodir etgan.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi D.R. tarbiyalanuvchi A.R. bilan ixtiyoriy tarzdagi jinsiy aloqa natijasida homilador bo‘lib qolgani aniqlangan. K.Yakubov hamshira G.Topvoldiyeva (jinoyat ishining unga nisbatan qismi alohida ish yurituviga ajratilgan) bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, muassasa tarbiyalanuvchisi D.R.ning homilador bo‘lib qolganini ommaga oshkor qilmaslik va bu bilan mansab mavqeyiga nisbatan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida g‘araz niyatda D.R.ning homilasini sun’iy ravishda majburan tushirib yuborgan.

S.Usmonov va I.Yo‘ldoshev ham muassasa tarbiyalanuvchisi A.R. va K.P.larga zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan.

Direktor K.Yakubov, bosh hisobchi A.Muydinova, hisobchi A.Saidkamolova va direktor o‘rinbosari S.Usmonovlar oldindan jinoiy til biriktirib 167 million so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlar.

– Sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar, guvohlar va fuqaroviy da’vogar vakili ko‘rsatuvlari birma-bir eshitildi, – deydi sudya Rahmatjon Arabov. – Sud majlisida to‘plangan dalillar atroflicha o‘rganilib, ishning har bir holati va sudlanuvchilar harakatiga huquqiy baho berilib, sud tomonidan qonuniy, adolatli va asosli qaror qabul qilindi. Sudlanuvchilar K.Yakubov va S.Usmonovga 4 yil, I.Yo‘ldoshevga 3 yilu 6 oy, R.Abdufattoyevga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sudlanuvchilar X.Yakubova, N.Soliyeva, D.Jo‘raboyeva va X.To‘rayevalarga 3 (uch) yil ozodlikni cheklash, sudlanuvchilar A.Muydinova va A.Saidkamolovaga JKning 45-moddasi qo‘llanib, 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?