“Shov-shuv koʻtarishdan kimga naf?” yoxud tarqatilgan notoʻgʻri xabardan bir oilaning yuzi yerga qaradi, mahalliy hokimiyatga tuhmat qilindi

21:19 18 Mart 2019 Jamiyat
1551 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Shov-shuv tez tarqaladi. Bundan ayrim saytlar oʻz manfaati yoʻlida foydalanayotgani ayni haqiqat. Voqea tafsilotini qaysidir saytdan avval xabar berib, oʻz reytingini oshirmoqchi boʻlgan oʻsha axborot tarqatuvchi vositalar vakillari bilmaydiki, yaltiragan har bir narsa ham oltin boʻlavermaydi. Qolaversa, jurnalistning vazifasi shov-shuv koʻtarish emas, balki toʻgʻri axborot yetkazishdan iborat boʻlishi kerak. Shunda ham oʻsha axborot odamlarga, jamiyatga qaysidir maʼnoda foydali boʻlsagina uni ommaga eʼlon qilish darkor.

15 mart kuni “Ozodlik” radiosining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Andijonlik tadbirkor hokimga qip-yalangʻoch yechinish bilan norozilik bildirdi” sarlavhasi ostida maqola eʼlon qilindi-yu, mahalladagina emas, butun respublikamizda (xorijda ham) duv-duv gap tarqaldi. “Oʻrmonga oʻt ketsa, hoʻlu quruq barobar yonadi”, deganlaridek aybi bormi-yoʻqmi, demay, hamma Asaka shahar hokimi shaʼniga bisotida borki, boʻhtonlarini socha boshladi. Negaki, maqolada aytilishicha, 12 mart kuni Asaka shahar hokimi tomonidan Najmiddin Kubro koʻchasida joylashgan “Paynet” doʻkoni buzilayotgan paytda doʻkon egasi unga norozilik tarzida qip-yalangʻoch yechinib, yerga yotib olgan. Aslida nima boʻlgan edi?

— Oʻsha kuni doʻkonda edim, — deydi paynet sotuvchisi Boburbek Mirzayev. — Kutilmaganda bir yigit yoʻl oʻrtasiga oʻtirib oldi. Unga qarshi kelgan avtomashinalar tirbandlik hosil qildi. Shunda voqea joyiga hudud profilaktika inspektori yetib keldi. Uni oʻrnidan qoʻzgʻatmoqchi boʻldi. Biroq yigit aksiga olib, yechinib, yerga yotib oldi. Soʻng boshqa ichki ishlar xodimi koʻmagi bilan yigitni oʻzlari boshqaruvidagi avtomashinaga solib, olib ketdilar. Bor gap shu! U yigit kim edi, men bilmayman. Men ishlayotgan paynetga umuman aloqasi yoʻq. Internetlarda bayon etilgani kabi doʻkonni buzish toʻgʻrisida koʻrsatma ham boʻlmagan.

— Ukam ruhiy kasalligi tufayli roʻyxatda turadi, — deydi yigitning ism-sharifini eʼlon qilmaslik sharti bilan suhbatga rozi boʻlgan opasi. — Vrachlarning aytishicha, miyasida qaysidir funksiyasi buzilgan. Kayfiyati oʻzidan oʻzi koʻtarilib ketadi, oʻzini hammadan zoʻr sezadi, harakatlari qanaqadir gʻalati... Uyqusizlik tufayli baʼzan nima qilayotganini ham bilmaydi. Xullas, “vos-vos” boʻlib qolgan. Shuning uchun oldin ham ikki marta davolangandi.

Oʻsha kuni boʻlgan voqeaga kelsak, ochigʻi, bizning paynetimiz yoʻq, hokimiyatga ham hech qanday daʼvo, eʼtirozlarimiz yoʻq. Onamiz yaqinda 80 yoshni qarshiladi. Bu gaplarni hali eshitmadi. Bilib qolsa, holi nima kechadi? Shuning uchun ham internetda notoʻgʻri maʼlumot tarqatganlarni sudga berish niyatim bor. Ukamning ojiz tomonini hammaga koʻrsatish bilan nimaga erishmoqchi boʻlishgandi?! Axir buning ortidan butun bir oilamiz nomi bulgʻandi, tahqirlandi-ku...

Hatto chet ellarda ham ukamga oʻxshaganlarga odamlar yordam koʻrsatishadi, rasmga olib tarqatish u yoqda tursin, ahvoliga qaygʻurishadi. Bizda esa jiddiy koʻmakka muhtoj odamning ustidan kulishdi, uni masxara qilish uchun hatto uyalmasdan hokimlikka ham tuhmat qilishdi. Yoki boʻlmasa, hokimiyatda ishlaydiganlardan oʻch olish uchun shu voqeadan unumli foydalanishdi. Nima, bularga bitta insonning taqdiri shunchalar oʻyinchoqmi?

Boʻlib oʻtgan voqeadan soʻng yigit davolanayotgan viloyat psixonevrologiya dispanserida boʻldik. Muassasa bosh vrachi Oybek Buvabekovning maʼlum qilishicha, bemor chindan ham 2014 yildan buyon dispanser nazoratida turadi.

— Ukam institutni tamomlagan, — deydi uning opasi. — Bir paytlar avtomobil ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxonada mehnat qilgan. Sogʻlom, hayotga tashna yigit edi. Peshonasida bor ekan, bugun shu ahvolga tushib oʻtiribdi. Oilali, bitta farzandi ham bor. Kasalligi uchun hech qayerda ishlamaydi.

Mazkur maʼlumotlar orqali bemor shaxsi va uning oila aʼzolari shaʼniga bildirilgan oʻrinsiz harakatlarni isbotlashga harakat qildik. Lekin masalaning boshqa jihati ham bor. “Ozodlik” radiosi veb-saytida voqeaga sabab qilib Asaka shahar hokimining paynet doʻkonini buzish bilan bogʻliq harakatlari tilga olingan. Bu haqda shahar hokimi Xursandbek Yoʻldoshev shunday deydi:

— Tumanimizda noqonuniy qurilmalarni buzish boʻyicha harakatlar olib borilayotgani rost. Biroq buning oʻsha paynet doʻkoniga aloqasi yoʻq. Internetda tarqalgan xabarni oʻqib, oʻzim hayron qoldim. Men jurnalistlar biror maʼlumotni eʼlon qilishdan avval mutasaddilar bilan uchrashib, voqeaga oydinlik kiritadilar, deb oʻylar ekanman. Biroq aynan mening shaxsim bilan bogʻliq voqea butun internetda tarqalib ketsa, men bundan bexabar qolsam?.. Oʻsha muxbir shov-shuv koʻtarib, hammani yolgʻon maʼlumotiga ishontirishga urinishdan oldin oʻzimizga uchrashsa, yuzma-yuz koʻrishsak, axborot olishi uchun barcha sharoitni yaratib beramiz-ku axir. Yolgʻon xabar tarqatib, oʻzi sharmanda boʻlishidan qanday naf? Axir voqea toʻgʻrisidagi haqiqatni hamma bilib boʻldi-ku.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, “Ozodlik” radiosi veb-saytida eʼlon qilingan bu xabar jurnalistik odob-axloq meʼyorlariga umuman toʻgʻri kelmaydi. Mamlakatimizda axborot olish, uni yetkazish borasidagi imkoniyat va sharoitlar qonun doirasida belgilab qoʻyilgan. Qaysi bir idoraga murojaat qilmang, kerakli maʼlumotni oʻz vaqtida olasiz. Binobarin, deyarli barcha korxona va tashkilotlarda matbuot xizmatlari faoliyat yuritmoqda. Jurnalistlarga ishonch shu qadar yuksalib boryaptiki, hatto mana shu voqea yuzasidan ayrim idoralarga qilgan murojaatimiz davomida sir saqlanishi kerak boʻlgan maʼlumotlarni ham ishonib berishdi. Bu ham boʻlsa matbuot erkinligidan, uning toʻrtinchi hokimiyat maqomiga ega boʻlishidan jamiyatning oʻzi manfaatdor ekanligi ifodasidir.

Aniq axborot olish, uni toʻgʻri yetkaza bilish bugungi kun jurnalistining shiori boʻlishi kerak. Aks holda, uni oʻquvchining oʻzi elakdan oʻtkazib qoʻyishi turgan gap.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?