“Shoʻrtanneftgaz” tadbirkorlikka toʻsiq boʻlib, ikki gektar ekinimni quritib tashladi” sarlavhali murojaatga munosbat bildirildi

17:30 02 Dekabr 2019 Jamiyat
88 0

“Oʻzbekneftgaz“ AJ Matbuot xizmati 2019-yil 29-noyabr kuni Fuqaro Xudoyqulov Faxriddinning ijtimoiy tarmoqlarga “Shoʻrtanneftgaz” tadbirkorlikka toʻsiq boʻlib, ikki gektar ekinimni quritib tashladi” deb qilgan murojaati yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi:

Fuqaro Xudoyqulov Faxriddin 2012-2014-yillarda “Shoʻrtan” USHKda bosh muxandis lavozimida ishlagan vaqtlarida, lavozim vakolatidan foydalanib, 2014-yilning aprel oyida Gʻuzor tumani hokimining №X-377/04 sonli va №X-377/05 sonli qarorlari chiqarilishiga erishib, “Shoʻrtanneftgaz” toifalangan obyekt boʻlishiga qaramasdan, obyektga yaqin atrofdan 1,83 gektar yer maydonga issiqxona qurgan.

Qayd etilishicha, obyektning yaqin atrofidan issiqxona qurishdan asosiy maqsadi, oʻz shaxsiy manfaati yoʻlida zaruriy tarmoqlar elektr energiya, sugʻorish uchun texnik suv va issiqlik energiyasidan foydalanish boʻlgan.

Vaholanki, boshqa birorta yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shu paytgacha umuman “Shoʻrtanneftgaz” obyektiga yaqin masofada issiqxona va boshqa ijtimoiy obyektlar qurilmagan.

Fuqaro Xudoyqulov Faxriddinning barcha murojaatlariga, yoqilgʻi-energetika resurslari “Shoʻrtanneftgaz”ga faqat oʻz ehtiyojlari uchun belgilangan meʼyor asosida ajratilishi va ajratilgan yoqilgʻi-energetika resurslarini meʼyorga asosan ishlatilishi toʻgʻrisida bir necha bor javob xatlari orqali tushuntirishlar berilgan.

Taʼkidlanishicha, Gʻuzor tumani Shoʻrtan qoʻrgʻonida joylashgan “Etalon Nur” va “Gʻuzor Avangard” dehqon xoʻjaligidagi issiqxonani texnik suv, issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyati yoʻqligi maʼlum qilinishiga qaramasdan, yuqori turuvchi idoralar rahbarlari nomiga, “Shoʻrtan” NGQCHB rahbariyatiga turli tuhmat, boʻhtonlar va shov-shuvli soʻzlar bitilgan, diqqatni jalb qiluvchi assossiz vajlar keltirilgan murojaatlari bilan oʻz shaxsiy manfaati yoʻlida amaliy yordam berilishini soʻrashni hanuzgacha davom ettirib kelmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ yana bir bor eslatadi, issiqlik va gaz taʼminot sexidagi qozonxonalar, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining qurilma va obyektlaridagi ehtiyojlar uchun issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga moʻljallangan va meʼyordan ortiqcha issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega emas.

Bundan tashqari, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarni texnik suv, issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlash majburiyati ham mavjud emas.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?