Madaniyat vazirligi “Shoʻrdanak” va “Qalpoq” jamoalarining uzr soʻraganiga munosabat bildirdi

17:15 09 Iyun 2020 Jamiyat
590 0

Ijtimoiy tarmoqda IIV YHXBB Axborot xizmati tomonidan “Hazilning tagi ”zil“ boʻlmasin” deb nomlangan video tarqaldi. Unda, “Shoʻrdanak” va “Qalpoq” hajviy guruhlarining IIV xodimlari haqida qilingan yumoristik roliklari uchun kechirim soʻragani aks etgan. Mazkur xabarlarga Madaniyat vazirligi munosabat birdirdi.

Vazirlikning maʼlum qilishicha, Madaniyat vaziriga ham facebook ijtimoiy tarmogʻi orqali “Soʻz ustalari xuddi yomon ish qilib qoʻygandek, boshini xam qilib uzr soʻrayapti. Agar kimnidir shaxsiyatiga tegishgan boʻlsa, IIV sudga bersin. Ular oʻz ishini qilgan! Yumor qildi, kuldirdi. Endi, vrachlar, oʻqituvchilar, traktorchilar chiqadimi, “biz haqimizda askiya qilmang!”, deb. Vazirlik komissiya tuzib oʻrgansin. Axir har ikki sahna asari badiiy toʻqimaku? Xulosasini IIVga bersin! Madaniyat vaziridan joʻyali javob kutamiz”, degan Madaniyat vaziriga ochiq murojaat yoʻllangan.

Shu munosabat bilan, Madaniyat vazirligi vaziyat yuzasidan “Shoʻrdanak” hajviya guruhining vakili bilan suxbatda boʻlganida, bu masala yuzasidan fikr bildirishni istamagan.

"Shu bilan birga, Madaniyat vazirligi hajviya, satira, askiya borasida sanʼatni chegaralamaslik fikrini bildirmoqda. Yillar davomida hajviya orqali jamiyatdagi muammo va illatlarni yoʻq qilishiga qaratilgan, bu yoʻl turli soha yoʻnalishlarini isloh qilishga ham koʻmaklashilgan. Bu xuddi jurnalist va blogerlarning bir muammoni olib chiqib, uni xal etilishiga qaratilgan mavzularga oʻxshaydi. Agar shunday ekan, unda nima uchun bu xazillar oʻrinli qabul qilinmaydi?, degan savollar ham xoli emas.

Agar hajviya biron bir shaxsga tegishli boʻlib, uni kamsitilishiga qaratilgan boʻlsa, Madaniyat vazirligi bunday ijodlarni qoʻllab-quvvatlamaydi. Zero, hox hajviya, hox drama, askiya hamda satira orqali jamiyatdagi illatlarni daʼvolashga qaratilgan mavzular yoki voqealar namoyon etilsa, uni xech narsa bilan yoʻq qilib boʻlmaydi.

Tarixga bir nazar solsak, oʻzbek hajviy adabiyoti sermazmun tarixga egadir. Hajv, satira-voqelikni aks ettirishning alohida gʻoyaviy-badiiy prinsipi sifatida barcha sivilizatsiyalashgan xalqlar adabiyoti, shu jumladan oʻzbek xalqining ham ogʻzaki va yozma ijodlarida qadimdan katta oʻrin olib kelgan. Ijtimoiy illatlarning kulgili tanqidi boʻlgan satira oʻzbek xalq ijodida ham keng tarqalgan edi. Nasriddin afandi, Aldar koʻsa kabi toʻqima hajviy milliy qaxramonlar oʻz zamonasining illatlarini xalq orasida askiyalar va xajviyalar bilan namoyish etishgan. Qadimdan xalqni ichida hajviya, satira, askiya kabi yumoristik ijodlar keng tarkaqalib, ommalashgan.

Xullas, madaniyat va sanʼat sohasida cheklovlar qoʻyilsa, u hech qachon rivojlanmaydi", deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?