Shoxida emas, bargida yurmoqchi boʻlganlarning misi chiqadi

17:58 22 Aprel 2019 Jamiyat
801 0

Mamlakatimizda mol-mulkni ijaraga berishning 3 shakli mavjud.Gap uy-joy, noturar joy va transport vositasini ijaraga berish haqida boryapti. Maʼlumki, 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini soliq organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi oʻrnatildi.

Eʼtiborlisi, koʻchmas mulk ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qoʻyish tizimi soddalashtirildi. Endilikda, Davlat soliq qoʻmitasining my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalidagi “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmati orqali kunning istalgan vaqtida ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qoʻyish mumkin. Yaʼni, ortiqcha ovoragarchilik va sarf-xarajatlar hamda uzundan-uzoq navbatda turishlarga hojat qolmadi.

Maʼlumotlarga koʻra, Buxoro viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida 4 000 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxs ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻydi.

Oʻrni kelganda aytib oʻtish kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Nukus shahri va viloyatlar markazlaridagi shaharlarida ijara miqdorining eng kam meʼyori 1 kv.metr turar-joylar uchun 6 500 soʻm va noturar joylar uchun 13 000 soʻm, boshqa aholi punktlarida ijara miqdorining eng kam meʼyori 1 kv.metr turar-joylar uchun 3000 soʻm va noturar joylar uchun 6 000 soʻm miqdorida belgilangan.

Koʻpchilikka maʼlum, bugungi kunda Buxoro shahrida oddiy taʼmirdan chiqarilgan, kerakli jihozlarsiz noturar joyni ijaraga olishning oʻrtacha narxi 800 ming soʻmdan boshlanib 1,5 million soʻmgacha borishi mumkin. Albatta, noturar joyni ijaraga oluvchi va beruvchi oʻrtasida ijara shartnomasi tuzilgan. Ammo, sir emaski, bugun koʻpchilik ijaraga beruvchilar shartnomada juda past miqdorni, masalan, 150-200 ming soʻmni koʻrsatib, ogʻzaki kelishuv asosida kelishilgan narxning qolgan qismini yashirincha olmoqdalar.Bu soliqdan qochishga urinishdan boʻlak narsa emas.

Buxoro shahrining Joʻybor koʻchasi tadbirkorlik va savdo-sotiq uchun qulay hudud.Habib Asadov bu yerda tadbirkorlik maqsadida foydalanish uchun bir emas, 8 ta noturar joyga egalik qiladi. U shu doʻkonlarning barchasini ijaraga berib daromad topyapti.

Biroq, ushbu hududda Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbirlarda tadbirkor Habib Asadov oʻziga tegishli 2 ta noturar binoni ijaraga oluvchilar Dilmurod Fayziyev va Shaxriza Toʻrayevalarga ogʻzaki kelishuvga asosan oyiga 800 ming soʻmdan foydalanishga berganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, u qolgan barcha noturar binolarini shartnomada juda past miqdorni, yaʼni, 100 ming soʻmdan 180 ming soʻmgacha koʻrsatib, kelishilgan narxning qolgan qismini yashirincha olayotgan ekan. Holbuki, ushbu noturar binolarining maydoniga muvofiq, shartnomada 200 ming soʻmdan kam boʻlmagan miqdor belgilanishi shart edi.

Olib borilgan profilaktik tadbirlar jarayonida Davlat soliq xizmati xodimlari unga faoliyatidagi noqonuniy holatlarni koʻrsatib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli maslahatlarni berdilar.

Eʼtiborlisi, bundan tegishli xulosa chiqargan tadbirkor shu kunning oʻzida faoliyatidagi xato va kamchiliklarni bartaraf etishga kirishdi.

Buxoro shahri Sulaymon Murodov koʻchasining shundoqqina “Markaziy dehqon bozori” qarshisida joylashgan qismi ham tadbirkorlar tili bilan aytganda, daromad topish uchun qulay joy hisoblanadi.

Bu yerda fuqaro Orzigul Sultonovaga tegishli qariyb 110 kv. metr maydonga ega 6 ta noturar obyekt bor. Aniqlanishicha, O. Sultonova bu yerda aksariyat ijarachilar bilan rasmiyatchilik uchun shartnoma tuzgan.

Shartnomada ijara puli miqdorini100-132 000ming soʻm qilib koʻrsatgan.Aslida esa, ogʻzaki kelishuvga asosan ulardan 700 ming soʻmdan kam pul olmagan.

- Mazkur hududda menga tegishli boʻlgan 6 ta noturar binodan 6 nafar tadbirkor ijara shartnomasi asosida foydalanmoqda, - deydi Orzigul Sultonova. – Bu mamlakatimizda mulkdorlarga berilgan imkoniyat va yengilliklari samarasi, albatta. Profilaktik tadbir chogʻida menga davlat soliq xizmati xodimlari ijara shartnomasida binolar maydoni va ijara toʻlovlarida tafovut borligini koʻrsatib berishdi. Haqiqatdan ham bunga eʼtiborsizlik bilan qaragan ekanman. Davlat soliq xizmati xodimlari kamchiliklarimni hech qanday jarimasiz shu yerning oʻzida bartaraf etishga koʻmaklashdilar.

Shofirkon tumani Mustaqillik koʻchasida joylashgan “Muhabbat xayri saxovati”masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli savdo shoxobchalari“Paykent Hotel Croup” hamda “Alisher Omad fayz” korxonalariga ijaraga berilgan.

“Paykent Hotel Croup”masʼuliyati cheklangan jamiyati ushbu binodan umumiy ovqatlanish joyi sifatida foydalanib kelmoqda. Binoning umumiy maydoni 1756 kv.m. ni tashkil etadi. Ijara shartnomasida bir yil uchun atigi 5 million 600 ming soʻm toʻlanishi koʻrsatilgan. Buyogʻiga esa ogʻzaki kelishuv asosida ish yuritilgan.

“Alisher Omad fayz” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga foydalanish uchun berilgan doʻkonda dori vositalari savdosi yoʻlga qoʻyilgan.Tomonlar shartnomada ijara haqini 3 million 186 ming soʻm koʻrsatishgan. Binoning umumiy maydoni 44 kv.m ni tashkil qilsa-da ijara toʻlovi oyiga bor-yoʻgʻi 265 ming besh yuz soʻmdan toʻgʻri kelyapti. Pasportlashtirish jarayonida davlat solik xizmati xodimlari ijaraga beruvchi va oluvchiga viloyatlar markazidan boshqa joylardagi noturar joylar uchun ijara haki har bir kv.mga olti ming soʻm miqdorida hisoblanishini bildirdilar.

- Shofirkon shoh koʻchasida joylashgan “Niso” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli savdo doʻkonidan ijara shartnomasi asosida foydalanib kelmoqdaman, - deydi yakka tartibdagi tadbirkor Nurmuhammad Toʻyev. - Ijaraga beruvchi bilan tuzilgan shartnomamizga muvofiq, 3 yil davomida foydalanish uchun jami 1 million 600 ming soʻmlik ijara haqi belgilangan. Toʻgʻrisini aytaman, ijarachiga har oyda 400 ming soʻmdan ijara toʻlovini amalga oshirib kelayotgan edim. Profilaktik tadbir kunida davlat soliq xizmati xodimlari menga bu ogʻzaki kelishuvimiz qonunga xilofligi va bu xatti-harakatlarimiz eng kam ish haqining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda (1 milliondan 2 milliongacha) jarima solishga sabab boʻlishini tushuntirdilar. Bundan toʻgʻri xulosa chiqarib shu kunning oʻzida faoliyatimizni qonuniylashtirib qoʻydik.

- Olib borilgan kuzatuvlar va profilaktik tadbirlar jarayonida bu kabi holatlar boshqa hududlardagi tadbirkorlik subyektlarida ham kuzatildi, - deydi viloyat DSB masʼul xodimi A.Ochilov. - Mazkur tadbirlar davomida ijara shartnomasi tuzmasdan ishlayotgan 170 nafarga yaqin mulk egalarining ijaraga oluvchilar bilan munosabatlari qonuniy rasmiylashtirildi.

Ha, taassufki, oramizda soliq toʻlovidan qochib, shoxida emas, bargida yuraman, degan xayolda yurganlar bor.Ular qonunga xilof har qanday harakatning bir kun misi chiqishini unutishmasin.

Bahodir Fayziyev,

Buxoro viloyati DSB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi.


Istam IBROHIMOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?