Shoirlar oʻlmaydi. Abduvali Qutbiddinning eng soʻnggi sheʼrlari

10:17 09 Dekabr 2019 Madaniyat
545 0

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, sevimli shoirimiz, “Xalq soʻzi“ gazetasi masʼul xodimi Abduvali Qutbiddinov oramizni erta tark etdi.

Noziktaʼb va yuksak didli shoir Abduvali Qutbiddinning umrining soʻnggi damlarida yozilgan, siyohi qurimagan sheʼrlarini siz oʻquvchilarga taqdim etmoqdamiz.

***
Men juda yolgʻizman,
Goʻyo quduqda
Qovurgʻamgacha suv, badanim ogʻu,
Bilagim uvushib tipirchilaydi –
Misli soʻnggi nola, oxirgi yohu.

Men juda yolgʻizman –
Quduqdir joyim,
Bezillar, yashrinar mendan chuvalchang,
Qurbaqa, sen balki malaksan asli,
Ne boʻlar aslingga qayta olsang.

Men juda yolgʻizman –
Qoʻlimda nina
Tilaman, qaziyman chuqurdan-chuqur.
Tepadan tosh toʻla paqir tashlarlar,
Soʻrarlar qilib ber deya javohir.

Men juda yolgʻizman,
Azobim cheksiz,
Qoʻlimda zanglagan qadimiy taqa.
Boʻynimga yopishib etar tavallo,
Asliga qaytolmay yotgan qurbaqa.

Men juda yolgʻizman,
Tepadagilar
Kenglikda ot surib ovlashar gunoh.
Meni tushunmaslar (fahm shart emas).
Ajdarman
Va ismim “Oh”dir mening
“Oh”.

***
Men eskirdim,
shaltogʻim chiqqan,
Shahdim uchgan, qabogʻim soʻlgan,
Bir zoʻr yigit ichimda oʻlgan…

Kulbamga ham sigʻaman zoʻrgʻa,
Xira tortdim,
Qulogʻim ogʻir.
Har kechqurun yutadi toʻrva,
Har kunduzi soʻdraydi taqdir.
Oʻylanmasdan qolganman. Boshim
Gʻuvullaydi.
Toʻgʻrisi boʻm-boʻsh.
Gohi-gohi indamay titrar,
Tumshuqchasi sinib ketgan qush.

Men eskirdim,
Shaltogʻim chiqqan.
Foydam tegmas. Mum qotgan ensam.
Ketay desam, tovonda qurb yoʻq,
Ovozim yoʻq baqiray desam.

***
Qabriston…
Bobom qabri…
Salom, sukutga choʻmganlar…
Suv pufaklar yorilayotgan buloq…
Illatlardan holi baliqlar…
Vaqt ekkan chinor…
Bobom tinchmikin…


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?