Shohruxxon va Jeki Chan oʻzbek kinosiga jalb etilishi mumkinmi?

17:51 28 Avgust 2018 Madaniyat
587 0

OʻzA muxbiri uch shahar loyihasi, xorijiy seriallar, oʻzbek kinosi rivoji va boshqalar haqda “Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov bilan suhbatlashdi.

– Uch shahar loyihasini amalga oshirish borasida harakatni boshlab yubordik. Bundan oldin biz dunyo tajribasini oʻrgandik. Misol uchun, dunyoda YUNЕSKO kinoshahar, deya eʼtirof etgan toʻqqizta shahar mavjud. Bizga eng yaqin joylashgan ana shunday kinoshaharlar – Turkiya va Rossiyada. Shuningdek, etnoshaharlar ham uchraydi. Ulardan biri Moskva yaqinida 250 gektarda barpo etilgan.

Biz ham ana shu tajribalar asosida Oʻzbekistonda 2022 yilgacha “Uch shahar” majmuasi barpo etishni rejalashtiryapmiz. Ushbu loyiha uch qismdan – “Xalq diplomatiyasi shahri”, “Etnoshahar” va “Kinoshahar”dan tashkil topadi.

Oddiy tilda aytadigan boʻlsak, “Xalq diplomatiyasi shahri”da yurtimizda yashayotgan turli millat vakillarining madaniyat markazlari yonma-yon quriladi. Prezidentlar alleyasi, “Buyuk Ipak yoʻli“ koʻchasi, sunʼiy togʻli va sharsharali bogʻ, ochiq osmon ostidagi muzey, “Sevishganlar bogʻi”, kafe va restoranlar ham ketma-ket joylashadi.

Qayd etish kerakki, bunday shaharcha hali dunyoning hech bir davlatida mavjud emas.

“Etnoshahar” oʻz nomi bilan oʻtmish haqida hikoya qiladi. Misol uchun, Amir Temur saroyi xiyoboni, hovlilar, milliy shakldagi kafe va restoranlar, suvenir rastalari, eski koʻchalar, minora, mehmonxonalar, shahar darvozasi majmuasi quriladi. Qisqasi xorijdan kelganlar sharqona ruhiyatni koʻradi. “Kinoshahar” esa suratga olish uchun pavilon, kinomahalla, koʻp kvartirali turar-joy, supermarket, xususiy maktab va bogʻcha, biznes-markaz, kinoakademiya kabilardan iborat boʻladi. Eng muhimi, mazkur shaharlarda tasvirga olish ishlarini bemalol olib borish imkon boʻladi.

Maqsad nima? Maqsad kinosanoatni rivojlantirish orqali sayyohlarning yurtimizga koʻproq jalb qilish. Qolaversa, yoshlarimizning madaniyatini va maʼnaviyatini yanada oshirishga xizmat qiladigan maskan barpo etish. Misol uchun, oʻzbek tomoshabinlari uchun yaxshi tanish boʻlgan “Muhtasham yuz yil“ serialini olish uchun dekoratsiya qurishga 10 million sarflangan. Ayni vaqtda ana shu dekoratsiyalarni koʻrishga kelayotgan minglab sayyohlar tufayli foyda ikki milliarddan oshmoqda.

Shu oʻrinda qayd etish kerakki, bizda ham baʼzi filmlar yoki seriallar uchun katta mablagʻ evaziga dekoratsiya quriladi. Soʻngra qanchadan-qancha mablagʻ sarflab qurilgan bu koʻrinishlar buzib tashlanadi. Endi ular kinoshaharchada puxta quriladi va buzilmaydi. Eski koʻchalar, saroylar boʻladimi yoki muhtasham uylarmi, hammasi saqlab qolinadi. Ular kelgusida milliy va xorijiy studiyalar suratga olish ishlarini olib borishi va sayyohlarni tomosha qilishi uchun qoldiriladi.

– Bizning kinochilar buni uddasidan chiqa olishadimi? Filmlarimizga jahonga mashhur Shohruxxon, Jeki Chan kabi aktyorlarni jalb qilish imkoni bormi? Menimcha, bunday usulda ham yurtimizni reklama qilgan, ham sayyohlarni koʻproq jalb qilgan boʻlardik.

– Albatta eplaymiz. Maʼlum bir davrda sohaga eʼtibor berilmaganidan kino oqsoqlanib qoldi. Hozir kuchli aktyorlar, yaxshi rejissyorlar bor. Yaxshi ssenaristlar yoʻq, deb aytardik, endi ular ham koʻpaymoqda. Shunday ekan, hammamiz bir-birimizni tushunib, “bir yoqadan bosh chiqarib“ ishlasak, yutuqlarga erishamiz. Lekin hozir ham maqtashga arzigulik jihatlarimiz yoʻq emas. Kinolarimiz qoʻshni davlatlar – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikistonda alohida eʼtirof etilmoqda. Xalqaro kinofestivallarda yutuqli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda.

Toʻgʻri, dunyo tajribasida sohaga investorlarni, mashhur aktyorlarni jalb qilish usuli mavjud. Hademay, biz ham dunyo bilan raqobatlashamiz. Buning uchun yangicha fikrlashimiz, kimdir film yaratishi, boshqasi targʻib qilib, dunyoga olib chiqishi, yana biri esa yurtimizga daromad keltirish bilan shugʻullanishi kerak. Hozir bu yumushlarning hammasini har kim oʻz bilganicha bajarmoqda. Bu tajriba oʻzini u qadar oqlamasligini esa vaqt koʻrsatmoqda.

Mashhur aktyorlarni jalb qilishga kelsak, albatta bu yaxshi fikr. Bu borada ham tajriba toʻplanmoqda. Misol uchun, yaqinda Yaponiyaning eng mashhur rejissyorlaridan biri – Kiyosi Kurosava biz bilan hamkorlikda yurtimizning eng chiroyli joylarida film suratga oldi.

Hindistonlik mashhur kinoaktyor Dev esa “Shodu xurramlik” filmini suratga oldi. Kuzda premyerasi kutilayotgan bu kinoda oʻzimizning aktyorlar ishtirok etdi. Shohruxxon, Jeki Changa kelsak, vaqti kelib, ularga mos ssenarilar yozilsa, bu ishni ham qilamiz.

Ayni paytda esa yurtimizga xorijiy kinoijodkorlarni taklif qilib, ularga tashkiliy-texnik xizmatlar koʻrsatishni oʻylab turibmiz. Bunda yurtimizning eng chiroyli joylari dunyoga targʻib etiladi. Ularda ishtirok etgan yoshlarimiz malaka oshiradi. Kelgusida Oʻzbekiston brendi yaratilishiga ishonaman. Vaholanki, yurtimizning shunday hududlari borki, bir vaqtning oʻzida yilning toʻrt faslini tasvirga olsa boʻladi.

– Televideniyeda koʻplab seriallar namoyish etilmoqda. Ularning oʻrnini oʻzimizning ijodkorlar yaratgan filmlar qachon egallaydi? Aslida ham tomoshabin qalbiga kirib boradigan serial tayyorlash imkoni qay darajada?

– Dunyo tajribasida seriallar yaxshi daromad keltirmoqda. Ayni vaqtda jahonda Turkiyada tasvirga olinayotgan koʻp qismli televizion badiiy filmlarga boʻlgan talab ortib bormoqda. Natijada teleseriallar eksportidan ular 350 million dollar foyda koʻrmoqda. 2023 yilga borib Turkiya teleseriallar eksportidan yiliga 1 milliard dollar daromad koʻradi, deb xomchoʻt qilinmoqda. Xitoyda yiliga mingta, Fransiyada besh yuzta, Rossiyada 250 ta kino olinadi.

Bu raqamlardan koʻrinib turibdiki, biz vaqtni boy berdik. Endi ularga yetib olishimiz, pozitsiyani egallashimiz kerak. Buning uchun esa obruimizni qisqa fursatda qayta tiklashimiz kerak. Aks holda, tomoshabin xorijiy badiiy filmlarga ergashib ketadi.

Shuning uchun kelgusida faqat kino ishlab chiqarish emas, balki kinoteatrlarda xizmat sifatini ham oshirish choralarini koʻrish harakatidamiz.

Misol uchun, filmlarning onlayn namoyishi tashkil etiladi. Tomoshabinlar miriqib, dam olishi uchun filmlar formatini yuqori darajaga koʻtaramiz. Buning uchun keyingi yillarda ellikka yaqin kinoteatr qurish rejalashtirilgan. Ularning aksari yozgi kinoteatrlar boʻladi. Bu esa oʻz navbatida milliy kinoni keng tomoshabinlar ommasiga yetkazish sifatini yanada yaxshilaydi.

Olib borilayotgan bu choralardan birgina maqsad koʻzlangan, u ham boʻlsa, kino ijodkorlar bilan tomoshabinlar oʻrtasida mustahkam, uzilmas rishtalarni bogʻlash.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?