Shohimardon va Yordon eng gavjum turistik markazga aylanadi

11:32 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
135 0

Tabiat oʻz moʻjizalari bilan doimo insoniyatni hayratga solgan. Buni Shohimardon va Yordon qishloqlari misolida ham koʻrish mumkin. Ayni paytda bu joylarda oltin kuz hukmronlik qilmoqda. Togʻu toshlarda turfa ranglar jilolanib turibdi. Koʻz quvnab, koʻngil yayraydi... Shuning uchun ham goʻzallikka oshufta koʻngillar sayohatni istaydi. Qolaversa, bu yerdagi ziyoratgohlar yurtdoshlarimizni, turistlarni oʻziga chorlab turadi. Shohimardonni koʻrish istagidagi millionlab qiziquvchilar juda koʻp. Bu esa hududda turizmni rivojlantirishni hukumat darajasiga olib chiqilishiga turtki berdi.

Joriy yil 3-oktyabr kungi “Fargʻona viloyatining turistik salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Hukumat qarorining qabul qilinishi esa yana bir ezgu ishlarning biri boʻldi.

Qarorga koʻra, Fargʻona viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Shohimardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi”ni tashkil etish koʻzda tutilgan .

Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona tumani davlat xizmatlari markazi tomonidan “Shohimardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi rasmiylar va hukumat vakillari,shohimardonliklar ishtirokida tantanali rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish marosimi tashkillandi.

Direksiyaning asosiy vazifalaridan biri - Fargʻona tumani “Shohimardon” va “Yordon” MFYlarda turizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirilishini taʼminlash, ushbu MFYlarning ekoturizm salohiyatini inobatga olgan holda yangi turizm yoʻnalishlarini ishlab chiqishdan iborat.

-Shoximardon hamda Yordon mahalla fuqarolar yigʻinlarida jami 174 ta obyektlar roʻyxati shakllantirildi. Bularning 37 tasi talablarga javob bera oladigan, sharoitlari yetarli obyektlari hisoblanadi, -deydi Fargʻona viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshligʻi Muzaffar Temirov. -Direksiyaning oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri hozirgi kunda qarovsiz, boʻsh yotgan, ishlatilmayotgan dam olish obyektlarida mahalliy va chet el investorlarini jalb qilgan holda, zamonaviy qurilish loyihalari asosida qayta rekonstruksiya qilish, qurish va tashrif buyuruvchilarga barcha sharoitlarni bosqichma bosqich yaratib berishdan iborat. Bundan tashqari, yaqin kelajakda qishloq markazida madaniy dam olish va koʻngilochar maskanlarni,mehmonxona, kemping, xosting obyektlarini ham bunyod etmoqchimiz.

Tadbirkorlik va har qanday yuridik faoliyat tuman va shaharlardagi davlat xizmatlari markazlaridan boshlanadi. Bu haqda tez-tez takrorlab turadigan soha xodimlari shu kuni yana bir ezgu ishga qoʻl urdilar. Qirgʻiziston Respublikasida oliy taʼlimni tamomlagan Nafisa Dadajonovaning muammosiga yechim topildi.

1998-yilda Qirgʻizistondagi Qirgʻiz-oʻzbek Universiteti pedagogika va boshlangʻich taʼlim metodikasi fakultetini tamomlaganman,-deydi shohimardonlik Nafisa Dadajonova. -Lekin Oʻsha yillarda mamlakatimizda diplomim toʻgʻridan toʻgʻri tan olinmadi. Nostrifikatsiya qilish uchun esa uning jarayonlari , tartibi haqida biror joydan toʻliq va ishonchli maʼlumot ololmadim. Mana, oʻn bir yil deganda, Fargʻona tumanining oʻzidagi davlat xizmatlari markazida xorijda oʻqiganligim haqidagi hujjatga qonuniy baho berildi. Shohimardonda oʻnlab yoshlar xorijda tahsil olishgan. Agar ularning hujjatlari nostrifikatsiya qilinsa, xududimizda kadrlar masalasiga boʻlgan ehtiyoj sezilarli darajada kamayadi.

Shu kuni Shohimardon mahalla fuqarolar yigʻinida aholi uchun sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatildi. Fuqarolarga kadastr, yer-mulk, INN,INPS olish, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha huquqiy maslahatlar berildi.

Albatta,davlat xizmatlari agentligi xodimlari aholiga munosib tarzda xizmat koʻrsatish barobarida, turizmni rivojlantirishga ham oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar. Shohimardon va Yordon mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlarida esa hozirda viloyat hokimligining ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, ushbu ishchi guruh muayyan muddatda 174 dona dam olish maskanlarini qayta oʻrganib, ularning hududiy joylashuvini hisobga olgan holda, yangi va zamonaviy loyihalar uchun takliflar kiritadi.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?