Shohimardon tomonda qanday oʻzgarishlar roʻy bermoqda?

15:45 23 Avgust 2019 Jamiyat
631 0

Biz “Amerika ovozi”ning muxbiri Navbahor Imamovani bundan qariyb ikki oy ilgari qishlogʻimizda koʻrib xursand boʻlgandik. Chunki bir necha yil davomida hududimizga biron bir xorijiy muxbir kelmagandi. Bu yoʻllarimizning yopiqligi bilan bogʻliq boʻlgan. Oʻsha yillari hatto qishga koʻmir, ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelishda ham muammolar boʻlardi. Bugun esa bunday qiyinchiliklar bartaraf etilgan. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiziston rahbari bilan tarixiy uchrashuvlari natijasida “muzlik”lar erib ketdi. Chegaralarimiz ochildi. Bu yil yozda, aynan Navbahor Imamova kelgan chogʻida bir kunda qishlogʻimizga mamlakatimizning turli hududlaridan 20 ming nafargacha, joriy mavsumning oʻzida 950 mingga yaqin sayohatchilar, yurtdoshlarimiz kelishdi. Bir paytlar mehmonlarni kutib olishga moʻljallangan, uzoq yillar qarovsiz qolib ketgan maskanlar, mehmonxona va sogʻlomlashtirish markazlari bugun yana odamlar bilan gavjum.

Bu yerlarda bugungi kun sayyohlik talablariga javob beradigan sharoitlar yaratilmoqda.

Xalqaro tamoyillar shundayki, chegaradan oʻtishda pasport nazorati va bojxona koʻrigi amalga oshiriladi. Shohimardonga kelayotgan har bir sayyoh, jumladan, Navbahorxon Imamova ham shunday koʻrikka roʻbaroʻ boʻlganligi tabiiy hol. Sayyohlar koʻpligi uchun ham baʼzida chegarada navbatlar yuzaga kelgan. Bunga Shohimardonga yoʻlning ochilishi natijasi, deb qarash lozim.

Prezidentimizning tegishli qarorlari bilan Shohimardonda “Obod qishloq” dasturi asosida 5 mlrd. 825 mln. soʻmlik qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Maktabning yangi binosi bunyod etildi. Endi farzandlarimiz faqat bir smenada oʻqimoqdalar. Ularning sport bilan shugʻullanishlari uchun yopiq zal va yangi maydonchalar tashkil etildi. Qishlogʻimizdagi shifoxona boʻlimi tibbiyot amaliyotlarini oʻtkazadigan texnik jihozlar bilan taʼminlandi. Ilgari masalan, oddiy koʻrichak boʻlganlarni ham tuman markazi — Vodilga chegaralarni kesib olib borish zarur edi. Endi esa yangi ochilgan jarrohlik boʻlimida bu va undan murakkab amaliyotlar bemalol oʻtkazilyapti. Hatto toʻlgʻoqli ayolni tuman markaziga olib borishga majbur boʻlganimiz esimizda. Shuning uchun, qishlogʻimizda yangi tugʻruqxona boʻlimi ochilgani barchani behad shod etdi.

Qishlogʻimizdagi mavjud bolalar maktabgacha taʼlim muassasalari taʼmirdan chiqarilib, jihozlar bilan taʼminlandi. Yana yangi bogʻcha qurilishi ham boshlab yuborilgan. Darvoqe, Shohimardonda ishlab chiqarish korxonasi masalasi doimo muammo boʻlib kelgan. Prezidentimizning shaxsan topshirigʻi bilan 200 ishchi oʻrniga ega tikuvchilik korxonasining qurilishi boshlandi. Hozirda 200 nafar uyda oʻtirgan ayollar tikuvchilik kasbiga oʻqitilyapti.

Oqsuv va Koʻksuv daryolarida shohbaliq (forel) koʻpligini bilardik. Ularni koʻrgan eronlik tadbirkorlar investitsiya kiritib, shohbaliqlarni koʻpaytirish loyihasi ustida ish boshlab yubordilar. Xonadonlarimizda sunʼiy hovuzlar tashkil etib, baliq urugʻlarini vaqtida oziqlantirish va koʻpaytiruvchi har bir moslama uchun 3 ming dollardan sarmoya kiritildi. Biz yetishtirilgan baliqlarni investorning oʻzi sotib olar ekan.

Navbahorxonning maqolasida ayrim xonadonlar qarovsiz qolgani qayd etilgan. Davlatimiz tomonidan ularni taʼmirlash uchun shu xonadonlar egalariga 800 mln.soʻm begʻaraz moddiy yordam koʻrsatildi.

Aytaversak gap koʻp. Masalan televizorlarimiz Toshkent telekanallari koʻrsatuvlarini qabul qilmas, uyali aloqa vositasini ishlatib boʻlmas edi. Toshkentdan turli vazirlik rahbarlari qishlogʻimizga kelib, bu kabi muammolarimizni hal qilib berdilar. Shalang togʻining tepasiga tasvir va ovoz tarqatgich uskunalari oʻrnatildi.

Koʻksuv daryosidan suv ichardik. Endi qishlogʻimizda shaharlardagi kabi ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, har bir xonadonga kiritildi. Qishlogʻimizda bir necha ziyoratgohlar bor. Afsuski, hali mehmonlarga maʼlumot beradigan mutaxassislar yetarlicha tayyorlanmagan. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari ehtiyoj darajasida emas. Ammo yaqinda tashkil etilayotgan “Shohimardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi va tadbirkorlar bu masalalar yechimiga qaratilgan loyihalari bilan bizni tanishtirdilar.

“Shohimardonni kichik tadbirkorlar boqmoqda”, deb yozilibdi maqolada. Biz bu fikrga qoʻshilmaymiz. Avvalo, davlatimiz har bir shohimardonlikni ish oʻrni bilan taʼminlashga katta ahamiyat beryapti. 3500 mingga yaqin aholisi boʻlgan Shohimardonda birgina xizmat koʻrsatish tarmoqlarida yuzlab hamqishloqlarim ishlab roʻzgʻorini tebratyapti. Qolaversa, Fargʻona viloyati hokimligining tashabbusi bilan shu yilning oʻzida qishlogʻimizga 3-marta oziq-ovqat karvoni tashkil etildi. Birorta xonadon bayram sovgʻalarisiz qolgan emas.

Mana, bir haftadirki, qishlogʻimiz koʻchalari tunda ham yop-yorugʻ. Chunki uning 6 km. uzunlikdagi koʻchalarining chetiga 86 ta yoritgich ustunlari oʻrnatib, ishga tushirildi.

Biz qisqa vaqt ichida qishlogʻimizda roʻy bergan oʻzgarishlardan faxrlanamiz, albatta. Lekin muammolarimiz ham yoʻq emas. Agar joʻshqin daryoga kichik GESlar oʻrnatilganida qishloq iqtisodiyotiga xizmat qiluvchi yana bir korxona va oʻnlab ishchi oʻrinlar yaratilgan boʻlardi. Sayyohlar oqimining keskin koʻpaygani kichik va uy mehmonxonalaridan tashqari barcha infratuzilmalarga ega apartamentlar tashkil etilishini taqozo etmoqda. “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imamova kelgusi safar qishlogʻimizda boʻlganida ana shu apartamentlarning birida yashasa ajab emas.

Ikromjon ABDUXOLIQOV,
“Shohimardon” MFY raisi.

Fozila MAMAJONOVA,
“Shohimardon” shifoxonasi bosh vrachi.

Avazbek XOLDOROV,
tadbirkor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?