Shirmonxon xola 100 yoshga toʻldi

11:19 27 Avgust 2020 Jamiyat
178 0

Yoshi ulugʻ insonlar borki, bugungi kunga shukrona keltiradi. Chunki, ular koʻpni koʻrgan. Ocharchilik, urush, qatagʻon, qayta qurish, mustaqillik... Tarix sahifalaridan joy olgan bu kechmishlar otalarimiz, momolarimiz hayotida oʻzgacha harflar bilan bitilgan. Chunki, ular ana shu davrlarning barcha zahmatini, mashaqqatini, quvonchi va yaxshi amallarini yuragidan oʻtkazganlar. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib, sevinchli damlarda shukr qilib yashashda davom etganlar.

— Shukr qilgan insonning umri ziyoda boʻladi,-deydi Jalaquduq tumanidagi Y. Ohunboboyev nomli mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Shirmonxon xola Xolmirzayeva. — Boriga qanoat qilib, halol mehnat bilan topilgan nonning taʼmi ham, toʻyimliligi ham oʻzgacha. Tinchlik-omonlikda oʻtayotgan har bir kunimizga shukr qilishimiz, yetkazganiga qulluq qilib yashashimiz kerak. Tan-joningiz sogʻ, uyingizda xotirjamlik boʻlsa hamma narsaga erishasiz. Oilangizda xalovat boʻlmasa, biror joyingiz ogʻrib tursa koʻzingizga hech nima koʻrinmaydi. Bunday paytda har qancha baxt, omad, farovonlik koʻnglingizga taskin bera olmaydi. Shuning uchun, eng avvalo, tinchlik va sogʻlik boʻlsin.

Bu fikr dildan tilga koʻchishi uchun ne bir sinoatlarga guvoh boʻlmoq darkor ekan. Darvoqe, onaxonimiz shu kunlarda 100 yoshga toʻldi. Jalaquduq tumani hokimligi vakillari momoni yoʻqlab, qutlugʻ sana bilan muborakbod etdilar. Duolarini olib, maslahatlariga quloq soldilar.

Biz esa otalarimiz, onalarimiz Shirmonxon xola kabi qutlugʻ yoshlarga kirishini, duosini olib yurish nasib etishini ixtiyor etdik.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?