Shimoliy Koreya Futbol boʻyicha 2030 yilgi jahon chempionati mezbonlaridan biri boʻlishi mumkin

10:48 13 Sentyabr 2018 Sport
144 0

“JCH-2030” Osiyoda boʻlib oʻtishi mumkin, deya xabar tarqatdi Yonhap agentligi. Manbaga koʻra, Janubiy Koreya hukumati ushbu mundialga Xitoy, Yaponiya va KXDR davlatlari bilan birgalikda qoʻshma ariza topshirishni rejalashtirmoqda.

“Shu tariqa biz Osiyo shimoli-gʻarbini Koreya yarimoroli bilan bogʻlashga erishishimiz mumkin”, - deya tushuntirgan Janubiy Koreya sport vaziri To Chong Hvang.

Taʼkidlash oʻrinliki, “JCH-2002”ga Yaponiya va Janubiy Koreya birgalikda mezbonlik qilgan edi.

Agentlik xabarida qoʻshimcha qilinishicha, janublik koreyslar 2032 yilgi yozgi Olimpiada mezbonligi uchun KXDR bilan birgalikda ariza topshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda. Avval oʻzaro urush vaziyatida boʻlgan mamlakatlar ushbu turnirni oʻz poytaxtlari – Seul va Pxenyanda tashkil etishlari mumkin. Eslatib oʻtamiz, 2020 yilgi yozgi Olimpiada Yaponiya poytaxti Tokioda boʻlib oʻtadi.

Avvalroq Argentina, Urugvay va Paragvay mamlakatlari “JCH-2030” mezbonligi uchun kurashishi eʼlon qilingandi. Afrika qitʼasidan Jazoir, Marokash va Tunis davlatlari ham shunga daʼvogarlik qilmoqda. Sentyabr oyi boshida esa Buyuk Britaniya va Irlandiya hisob boʻyicha 24-jahon chempionatini oʻzida oʻtkazmoqchi ekani maʼlum boʻlgandi.

Taʼkidlash joiz, 2030 yilda ilk mundial tashkil etilganiga 100 yil toʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?