Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda oʻtkazilgan Sayyor qabulda jami 300 ga yaqin murojaat oʻrganib chiqildi

14:55 18 Avgust 2019 Jamiyat
259 0

13-15-avgust kunlari Mudofaa vazirligining bir guruh masʼul mansabdor shaxslari ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus, Qoʻngʻirot va Taxiyatash tumanlarida hamda Xorazm viloyatining Urganch shahrida sayyor qabullar oʻtkazildi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Qabul davomida Mudofaa vazirligining Markaziy apparatidan iborat ishchi guruh va okrug qoʻmondonligi masʼul ofitserlari, shahar, tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlarning xodimlari harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda harbiy pensionerlar, fuqarolarning mavjud muammolari, talab va ehtiyojlarini oʻrganib, amaliy koʻmak berish yuzasidan ish olib bordi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sogʻliqni saqlash, taʼlim, sport, bank va kredit, bandlikka koʻmaklashish kabi ijtimoiy-maishiy muammolar oʻz yechimini topdi.

– Men, Andijon viloyati Marhamat tumanidanman, – deydi shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Xayrulla Saynayev. – Bir yildan soʻng pensiya yoshiga yetaman. Farzandim muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytdi. U ham men kabi Vatan himoyachisi boʻlib, Qurlli Kuchlar safida shartnoma boʻyicha xizmat qilmoqchi. Mudofaa vazirligi kadrlar bosh boshqarmasi boshligʻiga murojaat etganimda, ijobiy javob oldim. 

Shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Doniyor Bobojonovning turmush oʻrtogʻi Maqsuda Yoʻldoshevaning tadbirkorlik bilan shugʻullanish boʻyicha kredit masalasida qilgan murojaatiga Qoʻngʻirot tuman hokimligi tomonidan yordam koʻrsatiladigan boʻldi.

Bu kabi oʻnlab murojaat va muammolar munosib yechim topdi.

Sayyor qabul davomida jami – 277 ta murojaat oʻrganildi. Shundan 196 tasi joyida hal etildi. 81 tasi esa tegishli tashkilot va idoralarga taqdim etildi. Nukusda – 146 ta, Xorazm – 69 ta, Taxiyatash – 20 ta hamda Qoʻngʻirot – 69 ta muammo hal etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda Sayyor qabul guruhi aʼzolari xalq bilan muloqot davomida koʻzlagan maqsadiga erishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?