Shifokorning qoʻli bogʻlanib, ustiga benzin sepildi — Andijonda inson hayotiga tajovuz

12:00 22 Avgust 2019 Jamiyat
882 0

Joriy yilning 21-avgust kuni Andijon viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida davolanayotgan bemor Ahmedova Inobatxonning oʻgʻli tomonidan mazkur tibbiyot muassasasining ortopediya va jarohatlar oqibatlari boʻlimi xodimlariga nisbatan tajovuz amalga oshirildi.

Bemor I.Ahmedova 2010-yilda umurtqa pogʻonasining bel qismi osteoxondrozi, 4-5 bel umurtqalararo disk churrasi xastaligi tufayli Andijon Davlat tibbiyot instituti klinikasida operativ davolangan. 2017-yilda bemordagi umurtqa pogʻonasi bel qismi osteoxondrozi, 4-5 umurtqalararo disk churrasini olish operatsiyadan keyingi holati 1-2 bel umurtqalari segmenti nostabilligi, pastki paraparez asorati tashxisi bilan Andijon viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida qayta operatsiya amaliyoti oʻtkazilgan. Operatsiya jarayonida churrani bartaraf qilish va umurtqa pogʻonasi bel qismiga transpedikulyar moslamani oʻrnatish amaliyot bajarilgan. Shundan soʻng, bemor I.Ahmedova Andijon viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi ortopediya va jarohatlar oqibatlari boʻlimi shifokori Bobur Shavkatov qabuliga salomatligi bilan bogʻliq tibbiy maslahatlashuvlarga qatnab kelgan. 2019-yilning iyul oyida bemor I.Ahmedova shifokor B.Shavkatov tomonidan qayta koʻrikdan oʻtkazilgan. Bemorga statsionar davolanish tavsiya etilgan. Shunda bemor va qarindoshlari Toshkent shahridagi tibbiyot markazlaridan biriga tibbiy maslahat olishga borib kelish istagida ekanliklarini bildirganlar.

19-avgust kuni bemor I.Ahmedovaning oʻgʻli Fayzullo markazga kelib, Bobur Shavkatovga uchrashgan. U onasini Toshkentdagi “AKFA Med line” xususiy klinikasi mutaxassislari koʻrigiga olib borganini, u yerda Fuzuliddin ismli shifokor tomonidan koʻrikdan oʻtkazilganini aytgan. Bemorning oʻgʻli Fayzulloning soʻzlariga koʻra, Fuzuliddin ismli shifokor goʻyoki avvalgi operatsiyalar notoʻgʻri qilinganini, hozirda qayta operatsiya qilish lozimligini, ushbu operatsiyalarni Respublikamiz mutaxassislari amalga oshira olmasligi, shuning uchun Germaniya Federativ Respublikasidan mutaxassis chaqirgan holda operatsiya qilish kerakligini uqtirgan.

Bemor Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy markaziga koʻrikka borgan. U yerda mutaxassislar tomonidan koʻrikdan oʻtgan. Tashxisga koʻra, bemorni hozirgi bezovta qilayotgan holatga sabab bel qismidagi operatsiyalar emas, balki umurtqa pogʻonasining koʻkrak qismidagi sariq bogʻlamning gipertrofiyalangan qismi orqali orqa miyani ezilishi natijasida roʻy berayotgani sabab qilib keltirilgan. Ular tomonidan umurtqa pogʻonasining koʻkrak qismida operatsiya qilish lozimligi aytilgan.

Ushbu suhbat davomida Bobur Shavkatov hozirda bemorga hech qanday operatsiya shart emasligini tushuntirgan. Bemorga konservativ, yaʼni medikamentoz va fizioterapevtik muolaja oʻtkazish lozimligini tushuntirgan. Bemorning oʻgʻli bunga rozi boʻlib, davolanish uchun kelishlarini aytib ketgan.

2019-yilning 21-avgust kuni bemor imtiyozli yoʻllanma bilan oʻgʻli Fayzullo hamrohligida tibbiyot muassasasiga kelib, shifokor B.Shavkatovga uchrashgan. Bemor muassasaning neyroxirurgiya boʻlimiga imtiyozli yoʻllanma asosida yotqizilgan. Bemor Ahmedova Inobatxon neyroxirurgiya boʻlimiga joylashgach, neyroxirurgiya boʻlimi shifokori Otalikov Abduraim bemor va uning oʻgʻli Fayzullo bilan suhbatlashgan. Suhbat davomida bemorga hozirda mazkur muassasada medikamentoz va fizioterapevtik muolajalar oʻtkazilishini, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya markaziga esa 2019-yilning 4-choragida imtiyozli yoʻllanma asosida yuborilishini tushuntirgan.

Shundan soʻng, Bobur Shavkatov operatsiyani tugallab chiqayotganda Fayzullo u bilan suhbatlashmoqchi ekanini aytgan. Shifokor Fayzulloni oʻz xonasiga taklif qilib, olib kirgan. Shunda Fayzullo Bobur Shavkatovga rentgenogrammani qayta koʻrib berishini iltimos qilgan. B.Shavkatov rentgenogrammani yoruqqa qarab koʻrayotgan vaqtda Fayzullo uning orqasidan kelib, boʻynidan boʻgʻa boshlagan. Bobur Shavkatov qarshilik qilib, tajovuz qilayotgan shaxsning qoʻlidan ozod boʻlishga harakat qilgan, ammo Fayzullo yanada qattiq boʻgʻa boshlagan. Shunda Bobur Shavkatov hushini yoʻqotadi, hushiga kelgan vaqtda qoʻllari orqaga qilib bogʻlangan holda, stol ostida yotgan boʻlgan. Bobur Shavkatov Fayzullodan uni stulga oʻtqazib qoʻyishni soʻragan. Fayzullo shifokorni stolga oʻtqazib, undan zudlik bilan “AKFA Med line”ga qoʻngʻiroq qilib, kerakli mutaxassisni chaqirtirib, onasini shu yerda operatsiya qildirib berishini talab qiladi. Bobur Shavkatov undan qoʻllarini bogʻlamdan chiqarishini soʻragan. Shu payt Fayzullo sumkasini ichidan suyuqlikka toʻla yelim idish chiqargan, soʻng yelim idishdagi suyuqlikni xonaga va Bobur Shavkatovning ustiga sepgan. Bobur Shavkatov ushbu suyuqlik benzin ekanini bilib, baqira boshlagan. Buni eshitgan yoʻlakdagi bemorlar va tibbiyot xodimlari xonaga kirmoqchi boʻlishganida, xona eshigi ichkaridan qulflangan boʻlgan. Xodimlar eshikni sindirishgan. Shunda eshik ortidagi xodimlarga ham benzin socha boshlagan. Natijada hamshira Madina Erkinovaning koʻziga benzin sochilishi natijasida jarohatlangan. Eshik buzib kirilganda Fayzulloning qoʻlida yondirgich boʻlgan. Xodimlar yondirgichni olib qoʻyish niyatida uning qoʻliga yopishgan vaqtda yana bir xodim Abduvohid Moʻminovni urib, unga tan jarohati yetkazgan. Xodimlar oʻt oʻchirish uskunasi moslamasini ishlatib, Fayzullo va B.Shavkatovni ustiga sepganlar. Shundan foydalanib, Fayzulloni koʻpchilik boʻlib, xonadan olib chiqilgan. Uning qoʻl oyoqlaridan ushlab turilgach, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari uni olib ketishgan.

Tajovuz oqibatida jabrlangan Bobur Shavkatov, Abduvohid Moʻminov, Madina Erkinova, Izzatoy Mamajonovalar shifoxonaga yotqizildi. Ularga infuzion, detoksikatsion, degidratatsion va simptomatik terapiya oʻtkazildi. Tibbiy koʻriklar natijasida hozirda bu xodimlarning ham umumiy holati nisbatan qoniqarli, deb aniqlangan.

Shuhrat QODIROV

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, mazkur holat yuzasidan ayni paytda vazirlikning munosabati tayyorlanmoqda. Tez orada eʼlon qilinadi.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?