Shifokorlarning eʼtiborsizligi tufayli bir ona 12 oydan beri behush qolmoqda

11:44 22 Yanvar 2019 Jamiyat
1061 0

Foto: "Xalq so'zi"

Fargʻona viloyati Buvayda tumanining Boʻyoqchi qishlogʻida toʻrt farzandning onasi Madina Yoʻldosheva 12 oydan buyon hushsiz yotibdi, deya xabar berilgan edi ijtimoiy tarmoqlarda. Bu xabar internet tarmogʻida keng muhokamalarga sabab boʻlgan.

Madina Yoʻldosheva haqida internet saytlarida xabarlar chiqqanidan soʻng vaziyat qanday tarafga oʻzgardi? Kimlar bemorga yordam berdi, bemorning ahvoli oʻzgaryaptimi? Ana shu savollarga javob topishga harakat qildik.

–Qizim Yoʻldosheva Madina 1989 yilning 5 sentyabrida tugʻilgan. Boʻylari baland va sogʻlom qiz boʻlib voyaga yetgan. Qoʻshni qishloqqa kelin boʻlib tushib, uch farzand koʻrdi. 2018 yil 6 fevralda, toʻrtinchi farzandini tuqqan kuni shifokorlarning eʼtiborsizligi sababli komaga tushib qoldi. Mana, 12 oydirki, qizim hushiga kelmayapti, – deydi onasi Gulchehra Nazarova.

Tuman tibbiyot birlashmasi rahbarining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari Baxtiyor Mamajonovning aytishicha, Madina Yoʻldoshevaning kasalligi appalitik sindromi deb ataladi.

–Tugʻruq paytida koʻp qon yoʻqotilgani natijasida klinik oʻlim yuz bergan, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi oʻrinbosari Asrorjon Rahimov. – Bemorga berilgan tez tibbiy yordam tufayli uning hayoti saqlab qolingan. Ammo miya poʻstlogʻida klinik oʻlim holatlarida appalitik sindrom rivojlanadi. Madina Yoʻldoshevada shunday kasallik kuzatilgan.

Fargʻonadan, Toshkentdan malakali shifokorlar kelib, bemorning ahvoli bilan tanishdi. Masalan, 2018 yilning fevral oyida SAS reanimatologi A.Qaxxorov, navbatchi akusher ginekologi Sh.Ismailovalar bemorning ahvolini kelib koʻrib,sunʼiy nafas apparatiga ulashni tavsiya qilishgan edi.Ammo bemorning ahvoli oʻzgarmagach Respublika neyroxirurgiya ilmiy amaliy markazi direktori M.Qoriyev, Sogʻliqni saqlash vazirligining onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi (2018 yil 30 dekabr) boshligʻi M.Sadikovlar kelib tekshiruvdan oʻtkazgan va kerakli tavsiyalarni bergan edi.

Foto: "Xalq so'zi"

22-qishloq oilaviy poliklinikasi Qoʻngʻirot qishlogʻida joylashgan. Madina Yoʻldosheva mana shu poliklinikada 2017 yilning 27 iyunida homiladorlik roʻyxatidan oʻtgan. Uni shifokor-ginekolog Bella Agadjonova roʻyxatga olgan. Maʼlum sabablarga koʻra Bella Agadjonovadan keyin bu yerga Shoira Umarova ishga kelgan. Homilador ayol to tuqqunga qadar Shoira Umarovaning nazoratida boʻlgan.

Foto: "Xalq so'zi"
Foto: "Xalq so'zi"

– Madina katta qizini 2008 yilda tuqqan, – deydi 22-qishloq oilaviy poliklinikasi patronaj hamshirasi Mashhura Mamadaliyeva. – Hamma ayollar qatori ozgina shamollashi bor edi. Homiladorlikni oʻrtacha oʻtkazardi. Baʼzida gripp bilan ogʻrib qolardi. Qoni ham meʼyoridan juda past yoki meʼyoridan ortiq yurmas edi. Oʻrtacha qon bilan yurardi. Toʻrtinchi homilasida ham gripp bilan kasallangan. Ammo davolanib, sogʻayib ketgan. Oilaviy sharoiti yomon emasdi. Faqat qaynonasi insultga chalinib, yotib qolgan. Patronaj hamshirasi sifatida unga “Uchta farzandingiz bor, endi tugʻmang” deganman. Buni tugʻish uning hayotini xavf ostida qoldirishini oʻylab yoki bilib emas, balki oilaviy sharoitidan kelib chiqib aytgandim. Ham chaqaloq, ham yotib qolgan kasal qaynonasiga qarash bilan qiynalmasin degandim”.

– Qizim Madina oʻsha kuni vrachlarning eʼtiborsizligi tufayli shu holatga tushdi deb oʻylayman, – deydi bemorning onasi Gulchehra Nazarova. – Chunki u tuqqanidan soʻng qarovsiz qolgan. Qon keta boshlaganidan soʻng shifokorlar uni operatsiyaga olishdi. Operatsiya jarayonida qizim shu holga tushib qoldi. Ana oʻziga keladi, mana oʻziga keladi deb bizni uch kun aldashdi. Keyin 11 kunda oʻziga keladi deyishdi. Ammo mana 11 oydirki, bolam behush. Dastlab komaga tushganida bir kunda 3,5 mln soʻmlik dori-darmon olib bergan kunlarimiz ham boʻldi. Hozirgi kunda bir oyda kamida 1,5 mln soʻmlik dori-darmon ketayapti.

Madinaning farzandlari katta qizi Shodiyona 4-sinfda oʻqiyapti. Shahodat 2-sinfda. Murodulla 6 yosh, kichik qizi Xadichaxon 6 fevral kuni bir yoshga toʻladi. U hali ona mehrini, quchogʻini koʻrgani yoʻq.

Muammoni internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda koʻtargan jurnalist Sharifa Madrahimova va bloger Dima Qayum ijtimoiy tarmoqda xayriya aksiyasini oʻtkazdi.

– Maqola chiqqandan soʻng yana bemorning taqdiri bilan qiziqdik, unga tuman hokimligi va tuman tibbiyot birlashmasi qanday yordam berganini bilmoqchi boʻldik. Bir oila taqdiriga kimdir masʼul boʻlishi kerakku. Ammo vaziyat haliyam yaxshilanmagan, mahalla qoʻmitasi, tuman xotin-qizlar qoʻmitasi ularning holidan xabar olmaganligini bilib, xalqqa murojaat qilishga majbur boʻldik, – dedi Sharifa Madrahimova. – Madinaga doimiy eʼtibor, parvarish kerak. Xonadonga hattoki gaz balon ham berilmagan ekan. Birinchi tuman gaz idorasiga murojaat qilib, ularga bir dona gaz baloni olib berishga erishdik. Soʻngra bloger, men uni zamonamiz Robin Gudi degim keladi, Dima Qayum oʻzi tashabbus bilan chiqib, xayriya aksiyasi tashkil qilmoqchi ekanligini bildirdi. 19 yanvar kuni bemorning uyida video syomka qildik. Va bu videoxabarni Dima Qayum 15:34 da ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi. Oʻsha soniyadan plastik kartaga birinchi saxovatpesha inson 250 000 soʻm oʻtkazdi. Shu kunning 23:35 gacha 2776590.09 soʻm pul mablagʻi yigʻildi. Shanba, yakshanba, dushanba kuni 12 gacha olti milliondan ortiq summa yigʻildi. Chet elda yashayotgan bir ukamiz Madinaning akasining nomiga 100 AQSH dollari miqdorida oʻz ehsonlarini joʻnatdilar.

Foto: "Xalq so'zi"

Plastik kartadagi mablagʻni ikkita bankdan 3 milliondan qilib naqdlashtirib oldik va bemorning ota-onasiga topshirib keldik.

Biz barcha yaxshilik qilgan yurtdoshlarimizga rahmat aytamiz. Tuman rahbarlari, bu masalaga masʼullar qilmagan ishni oddiy xalqimiz uddaladi. Plastik kartaga yana pul tushishi davom etmoqda. Va biz bu mablagʻlarni ham bemorga yetkazamiz.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?