Shifokorlar maydonda kuch sinashdi

09:45 23 Aprel 2019 Sport
830 0

Kuni kecha Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi qoshidagi sunʼiy qoplamali maydonda Toshkent shahridagi yetakchi davolash muassasalaring jamoalari oʻrtasida oʻtkazilgan anʼanaviy “Nobel Cup-2019” mini-futbol turniri nihoyasiga yetdi.

Bu yilgi turnirda shifokorlarning 24 jamoasi qatnashdi. Ular orasida Toshkent Tibbiyot akademiyasi va Respublika dermatologiya va venerologiya ilmiy-tadqiqot instituti jamoalari oʻzlarining puxta tayyorlanganliklari bilan ajralib turdi. Surunkali yomgʻir ostida oʻtgan hayajonli va kurashlarga boy final musobaqalarida Toshkent shifokorlar malakasini oshirish institutining TMA-Kardiologiya” jamoasi 3-oʻringa, Toshkent Tibbiyot akademiyasi “Lordes” jamoasi 2-oʻringa sazovor deb topildi. “Najot-Shifo” xususiy klinikasi jamoasi esa turnir gʻolibligini qoʻlga kiritdi.

Musobaqa soʻngida gʻoliblarga qimmatbaho esdalik sovgʻalari va gʻoliblik kuboklari, shuningdek, “Eng yaxshi gol uruvchi”, “Jentlmen oʻyinchi”, “Eng yaxshi darvozabon” , “Eng yaxshi hujumchi” va “Eng yaxshi himoyachi” kabi nominatsiyalar boʻyicha mukofotlar topshirildi.

Anʼanaviy “Nobel Cup” turniri respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan “Nobel Pharmsanoat” farmatsevtika korxonasi va Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi hamkorligida 2007 yildan buyon oʻtkazib kelinadi. Bu yilgi turnir “Shifokorlar - sogʻlom turmush tarzi uchun” hamda shiori ostida boʻlib oʻtdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?