SHHTning Bishkek sammiti boshlandi

14:11 14 Iyun 2019 Siyosat
250 0

Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashi navbatdagi majlisining asosiy tadbirlari boshlandi.

Suratga tushish marosimidan soʻng tor doiradagi uchrashuv oʻtkazildi. 

Majlisni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov ochdi. Unda SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirok etdi.

Tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Mamlakatimiz Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarda faol ishtirok etib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari tuzilmaning xalqaro nufuzini oshirish, amaliy hamkorlik qamrovini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

2018-yilda Sindaoda oʻtgan uchrashuvda SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga murojaati hamda uni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar dasturi qabul qilindi. Sentyabrda esa Toshkent shahrida SHHTga aʼzo mamlakatlar temir yoʻl idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi oʻtkazildi. Yana shunday tashabbuslarga muvofiq, Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti, Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Prezidentimiz tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish, investitsiya va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va kommunikatsiyalar, ekologiya sohalaridagi sheriklikni kengaytirish, agrotexnologiyalar, turizm va gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha dolzarb fikrlar bildirdi va muhim tashabbuslarni ilgari surdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?