SHHT ommaviy axborot vositalari forumi o‘tkazildi

15:15 02 Iyun 2018 Siyosat
372 0

Ma’lumki, shu yilning 9-10 iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi cammiti bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli anjuman arafasida turli forumlar, uchrashuvlar va tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, 1 iyun kuni Pekin shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar ommaviy axborot vositalarining birinchi mediaforumi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Hindiston, Pokiston, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi Afg‘oniston, Belarus, Mo‘g‘uliston, Eron, muloqot bo‘yicha hamkor-davlatlar Armaniston, Kambodja, Nepal, Ozarbayjon, Turkiya, Shri-Lanka davlatlarining axborot-kommunikatsiya sohasidagi vakolatli organlari hamda yetakchi OAV vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari va SHHT kotibiyatining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Forumda ta’kidlanganidek, SHHT o‘tgan 17 yil davomida mintaqaviy hamda global miqyosda xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynab kelyapti. Tashkilotga a’zo davlatlarning o‘zaro hamkorligi mustaqillik, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish, teng huquqlilik, o‘zaro anglashuv hamda fikrlarni inobatga olish, ichki ishlarga aralashmaslik, xalqaro munosabatlarda kuch ishlatmaslik va kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillari, ya’ni “Shanxay ruhi” asosida rivojlanmoqda. O‘zbekiston SHHTga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash tarafdori bo‘lib, bu borada aniq sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev SHHTning o‘tgan yilgi Ostona sammitida tashkilot faoliyatini yanada kuchaytirish, jumladan, millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlash, xalq diplomatiyasining samarali mexanizmlari bilan tashkilot faoliyatini mazmunan boyitishga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning forum ishtirokchilariga yo‘llagan qutlovini XKP Siyosiy byurosi a’zosi, XKP Markaziy Qo‘mitasi a’zosi, XKP MQ Targ‘ibot bo‘limi mudiri Xuan Kunmin o‘qib eshittirdi.

Anjumanda bugungi globallashuv sharoitida mass-medianing roli hamda ahamiyati tobora yuksalib borayotgani qayd etilib, bu tashkilotga a’zo davlatlar ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashni taqozo qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu, avvalambor, “Shanxay ruhi”ni keng targ‘ib etish, tashkilotning xalqaro munosabatlar tizimidagi ahamiyatini, mintaqada xavfsizlik, barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga jurnalistlarning e’tiborini kuchaytirish, SHHTga a’zo davlatlardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni, madaniyat, tarix va hayotni xolis yoritish, o‘zaro axborot almashish, turli axborot xurujlariga qarshi birgalikda kurashish zarurligini taqozo qilmoqda.

— Bugun SHHTga a’zo davlatlarning umumiy sa’y-harakatlari bilan Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy ahamiyati qayta tiklanmoqda, — deydi Butunxitoy jurnalistlari uyushmasi raisi o‘rinbosari Vang Dongmey. — Mintaqada savdo-sotiq rivojlanyapti, o‘zaro investitsiyalar oqimi ortib, yangi yo‘llar, transport-logistika tizimlari barpo etilyapti. Xalqlarning o‘zaro muloqoti kengaymoqda. Shubhasiz, SHHTga a’zo davlatlar ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi ham bu jarayonni nafaqat targ‘ib qiladi, balki xalqlararo madaniy almashinuvga ham keng yo‘l ochadi. Qolaversa, axborot texnologiyalari hayotimizga chuqur kirib borar ekan, media sohasida ham tajriba almashish, kadrlar tayyorlash masalasida katta ehtiyoj paydo bo‘lmoqda. O‘ylaymanki, SHHT doirasida mediaga oid yangi tashabbuslar bu borada barchamizga qo‘l keladi.

Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi matbuot kanselyariyasi boshlig‘i Szyan Szyango, SHHT Bosh kotibi Rashid Alimov, a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari nutq so‘zladi. Shuningdek, bo‘lajak Sindao sammitiga tayyorgarlik jarayoni haqida axborot berildi.

Mediaforumda SHHTga a’zo davlatlarning axborot sohasidagi vakolatli organlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi.

Qobil XIDIROV
Pekindan maxsus


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?